Get Mystery Box with random crypto!

44-mavzu BUGUNGI GЕOSIYOSAT VA O‘ZBЕKISTON Hozirgi kunda bu | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

44-mavzu

BUGUNGI GЕOSIYOSAT VA O‘ZBЕKISTON

Hozirgi kunda butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, millatlararo hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Turli mintaqalarda u yoki bu ko‘rinishdagi xavfsizlikka tahdidlar sonining ortib borishiga tabiiy resurslarning, oziq-ovqat zaxirasining kamayib ketayotgani va uni egallashga intilish uchun raqobat muhitining kuchayishi omil bo‘lmoqda.

Shuning uchun ham Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni birgalikda ta’minlashga qaratilgan qator tashab­buslarni ilgari surdi. O‘zbekiston rahbari «Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda. Va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda» deya ta’kidla­ganida, hududlar va mintaqalarda yuz berayotgan to‘qnashuvlar, harbiy harakatlar, qudratli davlatlar­ning kichik davlatlarga tazyiqi kuchayishi, bir paytlar strategik sherik va hamkor bo‘lgan mamlakatlarning bugungi kunga kelib urush iskanjasiga tushib qolayotganligiga o‘zaro ishon­chning yo‘qolib borayotganligi sabab bo‘layotganini ko‘zda tutgandi. Shuningdek, BMT sammitidagi nutqida ham davlatimiz rahbari «Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda. Bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda» deb ta’kidlagan edi.

Haqiqatan ham, bugungi kunda geosiyosiy qarama-qarshiliklar, turli mintaqalarda mineral xomashyolar va jahon bozorlarini egallash borasida kuchli raqobat sababli mana shunday vaziyat yuzaga kelayotganligini anglash mumkin.

Dunyo davlatlari tomonidan xalqaro huquq normalariga binoan, davlatlarning hududiy yaxlitligini tan olish, uni hurmat qilish belgilangan. Bugungi kunda ayrim geosiyosiy kuchlar tomonidan hatto BMT nizomi va ushbu tashkilotning qator hujjatlari normalari buzilayotganligini kuzatishimiz mumkin. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 17-moddasida davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsipiga amal qilinishi aniq belgilab qo‘yildiki, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida mana shu prinsipga amal qiladi va davlatlar hududiy yaxlitligini hurmat qiladi.

Respublikamizni bu geosiyosiy jarayonlardan chetdagi davlat deb bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda dunyoda xavfsizlik va barqarorlik, millatlararo, dinlararo hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan o‘ziga xos platformani ilgari surayotgan davlat sifatida, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqani chinakam muloqot va hamkorlik makoniga aylintirish bo‘yicha haqiqiy yetakchiga aylanib bormoqda.

O‘tgan qisqa davrda xalqaro hamjamiyatda mamlakatimizning nufuzi va obro‘yi oshib, hamkorlarimiz ko‘payishi va bu jarayon kengayishiga sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasi va ixtisoslashtirilgan tashkilotlari ishida faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72, 75, 76 va 78-sessiyalarida, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining Oliy darajadagi segmentida ma’ruzalar qildi.