Get Mystery Box with random crypto!

9-mavzu AYОLDAN BOSHLANAR KЕLAJAK ASLI Mamlakatimizda xotin | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

9-mavzu

AYОLDAN BOSHLANAR KЕLAJAK ASLI

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ularga e’tibor yanada kuchaymoqda.

Hozirgi paytda jamiyat hayotining hech bir soha¬sini xotin-qizlarsiz tasavvur qilish qiyin. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida, siyosiy partiyalarda faoliyat ko‘rsatishyapti. Tadbirkorlik bobida ancha-muncha erkak¬larni ortda qoldirishmoq¬da. Ilm-fan, san’at, sport sohalarini-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Ayollar orasida «O‘zbekiston Qahramoni» degan yuksak unvonga sazovor bo‘lganlar soni ham ortib bormoqda. Ular yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida erkaklar bilan bab-baravar fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda.

Bir qarashda noziknihol ko‘ringan ayollarimiz o‘z yelkalariga Vatan himoyasi, huquq-tartibot muhofazasidek mashaqqatli mas’uliyatni olishdan ham cho‘chishmayapti. Masalan, ichki ishlar organlarining deyarli barcha sohaviy xizmatlarida ularni uchratish mumkin. Tizimda faoliyati davomida erishgan yutuqlari uchun davlatimizning yuksak mukofot¬lariga sazovor bo‘lgan xotin-qizlar talaygina.

Lekin ularning jamiyat oldidagi eng buyuk xiz¬mati, eng ulug‘ martabasi onaligidir. Ayollar farzandni dunyoga keltirish uchun ikki yo‘l: hayot va o‘lim orasida turishadi. Qolaversa, bir parcha etni voyaga yetkazguncha qancha mashaqqat chekishadi. Rasululloh (s.a.v.) ham onaga yaxshilik qilishga ko‘p bora buyurganlar. Zotan, payg‘ambarlarni ham, ne-ne daho¬larni ham ONA tug‘ib, tarbiyalagan. Baxz ibn Hakimdan shunday rivoyat qilinadi:
«Yo Rasululloh, kimga yaxshilik qilay?» – dedim.

«Onangga», – dedilar.
«So‘ngra kimga?» – dedim.
«Onangga»,– dedilar.
«So‘ngra kimga?»– dedim.
«Onangga»,– dedilar.
«So‘ngra kimga?» – dedim.
«Otangga va so‘ng yaqin bo‘lgan qarindoshlaringga»,– dedilar».
Farzandning kelajakda qanday inson bo‘lib voyaga yetishi ko‘p jihatdan unga bolaligida onasi bergan ta’lim-u tarbiyaga bog‘liq. Shunday ekan, davlat, jamiyat o‘zi¬ning kelajagi haqida qay¬g‘ursa, bi¬rinchi galda xotin-qizlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi lozim. Zero, kelajak ayollardan boshlanadi.
Ulug‘ shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov bu ulug‘, mo‘tabar zotni ta’rif-u tavsiflab, shunday purma’no satrlarni bitgan edi:

Men sharqlik odamman,
Ayol degan so‘z
Menga hayot bilan barobar kalom.
Oh, ayol xo‘rligin ko‘rsatma hargiz,
Hargiz bad bo‘lmagay ayol degan nom.
Inson atab bo‘lmas hech bir, hech mahal
Ayolni tanimas takabbur boshni.
Undayin yulduzning so‘ngani afzal,
Agar tan olmasa senday quyoshni.
Ayol chehrasida ko‘rsang tabassum,
Bilki, zamona tinch, osoyish olam.
Ayolga tilasang gar tole ma’sum,
Dunyoni olovdan asra, ey Odam!
E’tibor bergan bo‘lsangiz, «ayol» so‘zi «hayot» so‘zi bilan uyqash, ohangdosh. Bu bejiz emas. Zero, ayollarsiz insoniyat hayoti bardavom bo‘lmasdi.

Xulosa qilib aytganda, uyimizning farishtasi bo‘lgan duogo‘y buvijonlarimiz, biz uchun jonini ham ayamaydigan mehribon onalarimiz, xonadonimizning sarishta bekasi bo‘lgan suyukli yorlarimiz, atrofimizda parvona bo‘ladigan munis-u mushfiq opa-singillarimiz baxtimizga omon bo‘lishsin. Ularning baxti, xotirjamligi uchun mas’ul ekanimizni biz – erkaklar hech qachon unutmaylik.

Bobomurod TOSHEV,
«Postda» muxbiri.