Get Mystery Box with random crypto!

​Asar matnidagi bir qator jumlalarda ham ijodkorlarga xos ruhi | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

​Asar matnidagi bir qator jumlalarda ham ijodkorlarga xos ruhiyat o‘z ifodasini topgan. Masalan, «Bir olma niholi yaxshi xazon bo‘lib edi» jumlasida olma niholining yaxshi xazon bo‘lganini ifodalash negizida Boburning xazon (kuz) faslini yoqtirishi va kuzatishi namoyon bo‘lgan. Dunyo madaniyatida, shoirlarning, ijod ahlining aksariyati kuz faslini yoqtirgani hammaga ma’lum. Negaki, kuz – sokinlik ramzi, kuzda sukunat jimgina so‘zlaydi. Kuzda halovat bor, kuz – osoyishtalik, ruhiy xotirjamlik va hayot haqidagi iqrordir.
Boburda ijod ahliga xos qiziquv¬chanlik xislati bor. U tasvir jarayonida o‘simliklarni ma’lum xususiyatlari bilan aks ettirgan. Turlari borasida to‘xtalgan. Masalan, lola turlarini shunday yoritgan: «...turluq-turluq lolalar ochilur, bir qatla lola anvoini buyurdumkim, sanadilar, o‘ttuz to‘rt nav’ lola chiqti». O‘simliklarni izohlash jarayonida turli lingvistik tasvir vositalaridan foydalangan. Jumladan, xurmo daraxtining rivoj¬lanish tarzini hayvonot (jonzot) hayotiga qiyoslaydi: «Derlarkim, nabotot orasida xurmo daraxtining ikki ishi hayvonotqa o‘xshar: bir ulkim, nechukkim, hayvonot boshini kesarlar – hayoti munqati’ bo‘lur. Xurmo daraxtining ham boshi kesilsa, daraxti qurur».

«Boburnoma» asarining esdaliklar, xotiralar tarzida yozilishi uning imkoniyatlarini kengaytirgan. Voqelik Bobur tilidan bevosita bayon etilgani bois unda, avvalo, muallif ruhiyati aks etgan.

«Boburnoma»da bir qator sohalarga oid tushunchalar, atamalar uchraydi. Asarda qo‘llangan bayt, devon, masnaviy, qasida (qasoyid), tarix, marosiy, tarokib, g‘azal, masal, qit’a, muammo, vazn, taxallus, aruz, qofiya, she’r ilmi kabi so‘zlar Boburni adabiyotshunos olim sifatida gavdalantiradi.

«Boburnoma» – jahon adabiyotining durdona asari. Shuning barobarida, badiiyatga yo‘g‘rilgan tarix hamdir. Inson hayotda ko‘p narsaning qadriga yetmaydi. Shuning uchun ham yonimizdagi baxtni sezmasligi mumkin. Ba’zan baxt ichida yashab ham baxtni orzu qilganlar bo‘ladi. Bu dunyoning o‘zi mo‘jiza. Yaratgan va yaratilgan ne’matlarning barchasi mo‘jiza hisoblanadi. Ko‘z ko‘rishi, quloq eshitishi, yurak urishi, anglash, idrok qilish – barchasi sir-u sinoat. Ammo inson baribir mo‘jizalar qidiraveradi.

Bobur butun borliqni, go‘zallikni his qilgan, yaratganning mo‘jizalarini ko‘ra bilgan va uni shoir tuyg‘usi, yozuvchi mahorati, tarixchi haqiqati bilan bayon eta olgan. Shuning uchun ham «Boburnoma» – betakror asar!

Zulxumor XOLMANOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori.