Get Mystery Box with random crypto!

​Umr oʻtib borar tuyakarvondek, Qoʻngʻiroq chaladi loʻkillab s | Majnun bitiklari

​Umr oʻtib borar tuyakarvondek,
Qoʻngʻiroq chaladi loʻkillab sabrim.
Oʻzimdan uzoqlab borganim sari,
Senga yaqinlashib boryapman,  qabrim!

Xiralashib borar koʻngil tobora,
Hasratlar koʻzimga uya qurgandek.
Atrofga alanglab boqaveraman,
Kimdir menga doim qarab turgandek....

Yaxshi bola edim bolaligimda,
Bulutga ergashib yoʻlni unutdim.
Baribir siz bunga ishonolmaysiz,
Men sizni har kuni boladek   kutdim.

Uzoqdan umrning shomi koʻrinar,
Xayol esa hamon beqaror, daydi.
Yashab oʻtay desam hamma qatori,
Koʻksimda nimadir tipirchilaydi...

Yigʻlagim keladi olqishlasalar,
Noqulay sezaman oʻzni hashamda.
Kibor davralarda yashnab yuribman,
Tugab borayapman aslida shamday...

Qoʻngʻiroq chaladi loʻkillab sabrim,
Koʻchangdan oʻturman, yoʻllarimga chiq.
Dunyoni yelkaga ortib,  jimgina
Oʻtib borayotir bir dalli oshiq...