Get Mystery Box with random crypto!

​​Haqiqat bo’lolmaydigan qadar haqiqatlarimiz bor… Tan olaman | M1racle books📚

​​Haqiqat bo’lolmaydigan qadar haqiqatlarimiz bor…

Tan olaman internet hayotimizni misli ko’rilmagan qadar yengillashtirdi. Ammo insonlarning insoniylik tuyg’usini olib qo’ydi. Bugun 6 soat telefonimdagi hamma ilovalarni o’chirib, tashqarini kezdim. Ichida o’sha ilovalar bo’lmagan telefoning oxirgi model bo’lsa ham, qizig’i qolmas ekan.

Bugun shunday insonlarni ko’rdim, yuzi to’la ajin, ammo yuzingizga kulib boqadi. Sevimli kafeyimda o’tirib, o’zim sevgan sho’rvani ichyapman va ortimdan qiqirlayotgan bolajonning kulgusiga to’ymayapman. Oldin hech bularni sezarmidim..?

Insonlikning internet bilan nima aloqasi bor dersiz? Bugun kezganim yerdagi insonlarning hech biridan yomon gap eshitmadim. Insonlarga kulib boqaman va ulardan kelayotgan o’sha energiyani his qilaman. Avtobusga chiqaman… Uch yil oldingi men kabi, insonlarning qo’llariga boqaman. O’sha qadrdon, mehnatdan qoraygan, zahmatkash qo’llar… Yana o’sha menga aylanaman. Bu qo’llarni bir paytlar sevib kuzatadigan menga. Telefonimga esa umuman xabar kelmaydi… Unga qarash esimdan ham chiqib ketadi. Kitob do’konlarini aylanaman…

O’sha uch yil oldin ololmagan kitoblariga mahliyo bo’lgan bir qizchani ko’raman. Yonimda kitoblarni o’qib turgan o’sha qizni. Bilmadim u paytda insonlar ham mehribonroq bo’lgandek tuyiladi. Yoki borgan sari hayot beshavqatlashdimikin.

Avtobus orqa oynasiga boshini qo’yib, bugungi kunlarini orzu qilgan bir qizning o’rnida o’tiraman… O’sha qiz va o’sha joy… Orzular almashgan xolos. O’sha paytda ham u qattiq og’riyapti deb o’ylagan, hozir kulib, chimchilash bo’lgan ekan deyapti. Balki bundan bir necha yillardan keyin ham bu og’riqlar yo’qolar, u aslida bularning bari uni kuchli qilayotganini tushunar…

Kuchli bo’lishni xohlamay qaysarlik qilayotgan va lekin hayot uning qarorlari bilan hisoblashmayotgan bir qizaloq… Aslida bizda bir shunday bolakay bor… Ichimizda yashaydigan, qayerimizgadir bekitib qo’ygan. Bekitib qo’yishimizga majbur qilishgan bir bolakay…

Yer va makon o’sha-o’sha, o’zgarayotgan va xotiralari ko’payib borayotgan bizmiz xolos)

Ichingizdagi o’sha bolakayni asrang Baxtlarim

17.08.2022

@m1racle_books