Get Mystery Box with random crypto!

TARIX G'OLIBLAR TOMONIDAN YOZILADI. Bugungi kunda (nafaqat b | Yamakasi

TARIX G'OLIBLAR TOMONIDAN YOZILADI.

Bugungi kunda (nafaqat bugun) mana shunday asossiz da’voga ko’p duch kelib qolamiz. Akademik tarix bilan professional shug’ullanuvchi odam sifatida aytishim mumkinki, bunday da’vo juda ham kulgili, agar ahmoqona bo’lmasa. Quyida nima uchun bunday ekanligini misollar bilan qisqacha izohlab o’taman.

- 29-may, 1453-yil, Usmoniylar sultoni Sulton Mahmud II tomonidan ham dengizdan, ham quruqlikdan 55 kunlik qamaldan so’ng Konstantinopol bosib olindi va shu bilan ming yildan ortiqroq mavjud bo’lib kelgan Vizantiya Imperiyasiga yakun yasaldi. Vizantiyaning qulashi bilan G’arbga qaytishga majbur bo’lgan Yevropaliklar Usmoniylarning o’taketgan vahshiy va yovuz ekanliklari haqida faqat bir tomonlama ko’plab ma’lumotlar tarqatib, yozib qoldiradilar. Bu qo’lyozmalar bir necha asr davomida Yevropada Usmoniylar va musulmon dunyosiga nisbatan nafrat va qo’rquvga sababchi bo’lgan.

- Ko’plab tarixchilar tomonidan “Tarixning otasi” deb nisbat beriluvchi Fukidid asli afinalik bo’lgan. Peloponnes Urushi davomida Afina tomonida turib jang qilgan. Urushda Spartaliklar qo’li baland keladi va u 20 yil davomida quvg’inda yashagan, lekin biz bugun tarixdagi bu mashhur konflikt haqida aynan Fukidid tomonidan yozib qoldirilgan asar orqali bilamiz.

- Yaqinroq tarixga qaytamiz. Sovuq Urush davrining eng uzoq davom etgan qurolli to’qnashuvlaridan biri - bu, shubhasiz, AQSh va Vietnam o’rtasida bo’lib o’tgan. Sir emaski, bu urushda AQSh mag’lubiyatga uchragan yoki kamida aniq g’alaba qozona olmagan, lekin Vietnam urushi haqidagi eng asosiy hujjatlar va tadqiqotlar aynan Qo’shma Shtatlardan topiladi.

History is written by victors” - “Tarix g’oliblar tomonidan yoziladi” iborasini ilk marotaba Cherchil tomonidan aytilgan deb tahmin qilinadi. Ba’zilar esa bu gap Nyurenberg sudidagi nutqi davomida fashistlar tiziming asosiy arxitektorlaridan biri Xerman Go’ring tomonidan aytilgan deb hisoblaydilar. O’shanda Go'ring: “Der Sieger wird immer der Richter und der Besiegte stets der Angeklagte sein” ya’ni, “G’olib doim sudya, mag’lub esa aybdor bo’ladi”, degan edi.

Xo’sh, aslida ham tarix juda ko’pchilik o’ylaganidek g’oliblar qo’lida ming tusda tovlanuvchi, faqat hukmron tabaqa manfaatlariga xizmat qiluvchi beqaror ovunchoqmi yoki vaqt sinovida toblangan, o’zgarmas va mustahkam haqiqat?

Birinchidan, tarix toshga o’yib yozib qo’yilgan absolyut haqiqatdan iborat emas. Ha, u o’zgaruvchan. Har safar yangi fakt va ma’lumot topilishi bilan unga turli o’zgartirishlar kiritib borilaveradi. Shu orqali u oydinlashib, to’lishib va tabiiyki, o’zgarib boraveradi.

Ikkinchidan, biror individual shaxsning, yoki siyosiy rejimning tarixni o’z manfaatiga moslab talqin etishi bu shunchaki vaqtincha ro’y beradigan jarayon. Tarix silsilasi ichida bu jarayon bir marotaba chaqmoq chaqqanchalik vaqtni olmaydi. Asl tarix akademik izlanishlar sabab yuzaga chiqib qolaveradi.

Tarixni buzib talqin etish totalitar tizimlarga xos fenomen. Tarixning o’zgargan shaklini tadbiq etish bu mavjud barcha tarixiy haqiqatlarga va ong erkinligiga qarshi ochilgan urush. Siz tarix ustidan ma’lum bir vaqt davomida g’alaba qozonishingiz mumkin, lekin bu sizning bu xatti-harakatlaringizni kelajakda hech kim so’roqqa tutmaydi degani emas.

Endi yuqoridagi iqtibosga qaytsak, Gõring va Cherchildan avval aynan shu ma’nodagi gaplar fransuz, ispan va lotin tillarida mavjud bo’lgan. Bu ko’proq O’rta Asrlarda tarix kitoblari faqat yaxshi boylik va bilimga ega bo’lgan kam sonli savodli insonlar - ruhoniylar tomonidan yozib qoldirilgani bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

Tarixni akademik jihatdan (xavaskor emas) chuqurroq o’rganadigan inson bu iqtibos ko’p ham asosli emasligini tushunib olaveradi. Yuqoridagi misollar esa ko’pchilikda hamon saqlanib qolayotgan tarixiy obyektivlik, tarixning mutlaq ekanligi haqidagi stereotiplarning o’rinsiz ekanligini ko’rsatib berishi mumkin.

Agar siz tarix faqat g’oliblar tomonidan buzib talqin etiladi deb hisoblasangiz, o’ylab ko’ring: Yuqoridagi 3 ta misolda ham, Tarix mag’lublar tomonidan yozilgan.