Get Mystery Box with random crypto!

2020 yilda dunyo ahli turli davlatlarda global yarimo’tkazgich | Microblog

2020 yilda dunyo ahli turli davlatlarda global yarimo’tkazgichlar (mikrochiplar yoki mikrosxemalar) yetishmovchiligi tufayli avtomobil zavodlari to’xtab qolganiga guvohi bo’ldi. Ushbu yetishmovchilik raqamli mahsulotlarga (kompyuterlar, mobil telefonlar, planshetlar, serverlar, tibbiy asbob-uskunalar va hokazo) talabning oshishiga, infektsiya xavfi tufayli yarimo’tkazgich ishlab chiqarishning sekinlashishiga va global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlarga olib kelgan COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgandi. Buning natijasida ko’plab avtomobil kompaniyalari o’zlarining ishlab chiqarish liniyalarini vaqtincha to’xtatishga yoki qayta ishlash uchun qisman tayyor avtomobillarni ishlab chiqarishga majbur bo’lishdi.

Mikrochiplar yetishmasligi muammosiga bitta avtomobil kompaniyasi tayyor ekanligi tez orada ma’lum bo’ldi. Toyota o’z mahsulotlari uchun yarim yillik yarimo’tkazgichlar zaxirasini yig’ib qo’yganligini Reuters axborot agentligi xabar berdi. Bu ko’pchilik uchun hayratlanarli edi. Chunki Toyota kam miqdordagi qismlar zaxirasini ushlab turishi va uni kamaytirishga intilishi bilan mashhur edi. Ammo kompaniya 2011 yildagi Fukusima yadroviy avariyalaridan so’ng ba’zi qismlarni, shu qatorda yarimo’tkazgichlarni ham, zaxirada ushlash muhimligini tushungandi.

Avtomobilning ko’plab qismlaridan farqli o’laroq, yarimo’tkazgichlar boshqa sohalarda ham keng qo’llaniladi va ularga bo’lgan talab yildan yilga o’sib borayapti. Bu esa qisqa vaqtda mikrochiplarni sotib olish hajmini keskin oshirmoqchi bo’lgan avtomobil kompaniyalar uchun muzokara olib borish kuchini sezilarli darajada kamaytiradi. Shu sababli Toyota mikrochiplarning barqaror oqimini ta’minlash uchun o’zining yetkazib beruvchilaridan kompaniya uchun 2-6 oylik qismlar zaxirasini yig’ishni so’ragan edi.

Ushbu proaktiv yondashuv tufayli Toyota 2021 yilda ishlab chiqarishni odatdagidek davom ettira oldi. Boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilari esa mikrochip yetishmasligi bilan kurashdilar. Lekin Toyotada ham 2021 yilning avgustiga kelib yarimo’tkazgichlar tugab qoldi va kompaniya jahon bo’yicha avtomobil ishlab chiqarish quvvatini 40 foizga qisqartirishga majbur bo’ldi. 2021-yil sentabrida ularning ishlab chiqarish hajmi rejalashtirilgan 900 mingga nisbatan 540 mingta yangi avtomobilni tashkil etdi. Bu kompaniyaning 14 ta zavodidagi 28 ta global ishlab chiqarish liniyasidan 27 tasiga ta’sir ko’rsatdi.

Ushbu muvaffaqiyatsizlikka qaramay, Toyota kompaniyasi uzoq vaqt davomida o’zi yaratgan yarimo’tkazgichlarning zaxirasi tufayli barcha raqobatchilaridan ustun keldi. Kompaniyaning ushbu tajribasi biznesning uzluksizligini ta’minlash uchun tayyorgarlikning muhimligi va buni oldindan o’ylash zarurligi haqida qimmatli eslatma bo’lib xizmat qila oladi.

@leanuz Ulashing va obuna bo'ling!