Get Mystery Box with random crypto!

#Nazm #Bayrammuborak *** O, Sog'inch! Qiyofang ko'p bir kam d | KUMUSHBIBI (IJOD)

#Nazm
#Bayrammuborak

***
O, Sog'inch!
Qiyofang ko'p bir kam dunyoda!
Xilma xil, katta - kichik,
Uzun va qisqa...
Ammo, mening sog'inchimdek ulkani yo'q!
U shunchalar bahaybatki
Sig'maydi yuragimga, vujudimga va bu Tosh shahar - azim shaharga...
Tipirchilar, oh tortadi,
Sariq ko'ylagini kiyvolib, qo'llarimdan tortqilaydi,
Hazin nigohi bilan yuragimni ezadi.
"Yur, Onamiz gullarini quchamiz!
Otamiz yurgan ostonaga suvlar sepib supuramiz!
Chelakni ol,
Esingdadir olmalari qalqib turgan sersuv ariq?
Bo'yidagi tilni yorar oq o'rikchi?
Huuv pastdagi soychi,
Zilol suvi ostidan marvarid tosh terarding
Sumalak uchun...
Qishni ham pisand etmaydigan do'lana,
Sochyuvar tozaxon majnuntol,
Esingdadir seni deb qirilib ketayozgan
Moviy ninachi?
Adirlarni esladingmi bahor husnini,
Turfa rang gullar, sufito'rg'ay,
Dengiz - bo'g'doyzor"...
Tamom, bas qil!
Sog'inch, azob berma, ortiq qiynama!
Shoshilma, izma - iz boryapman mana,
Ishlarim ko'p bilasanku,
Ro'zg'or, bola - chaqa, tashvish, bahona...
Arazlaydi ulkan sog'inch
Bahaybat qo'llarini siltaydi - yu,
Za'faraon ridosi bilan yuzlarimni somon qiladi.
Yuragimni sug'urib uchadi,
Ona yurtim tomonga
Ota yurtim tomonga
Ostonamga,
Kichik vatan,
Katta sarhad,
Otam, Onam,
Jigarlarim,
Bolaligim meni kutgan tomonga...
To'xta sog'inch! Tashlab ketma!
Ozroq kutsang yetib olaman.
Mo'jaz vatan,
Ona tuproq
Ota uyim ostonasin quchoqlayman,
Jigarlarim peshonasidan o'pamanda,
Otam
Onam
Poylariga sodiq itday
Yotib olaman!
Shoshma sog'inch...

Mastura.

@Kumush_esse_hikoya