Get Mystery Box with random crypto!

Siz axir… Siz axir… Juda boshqacha, Hatto so‘zlamoqqa yetmaydi | Konservativ Tribunal ✔️

Siz axir…
Siz axir… Juda boshqacha,
Hatto so‘zlamoqqa yetmaydi kuchim.
Sovchilar, sizsizlik bahor-kuzgacha,
Ilojsiz yo‘lbarslar tirnaydi ichim.

Nimaga yig‘layin…
Ko‘zingiz maxtal,
Boqib o`layotir ko‘zimga axir.
Ortiq bardoshimni sinamang faqat
Chidamim yetmaydi… Menga ham og‘ir.

Tillarim tishlarim iskanjasida,
Eshitmas qulog‘ing, dilim chatnaydi.
Shirin uyqungizda mening tushlarim
Sizning xonangizga tomon qatnaydi.

Menga oson emas…
Sizni har kuni,
Begona odamlar safida ko‘rmoq.
Ammo… Yana nima kelar qo‘limdan,
Kulgichim yig‘iga o`xshaydi ko‘proq.

Sizni hayotimdan qattiqroq sevdim,
Ayriliq sharpasin sezdim nailoj.
Men soqov emasdim, ammo ishoning
Faqat sevmaganlar so‘zlarga muxtoj.

Bunchalar jo‘n emas asil muhabbat,
Sevgingiz jumboqdir butun olamga.
Sizday ohuko‘zdan kechish, sevgilim,
Qiyindir mendayin xudbin odamga.

Men axir…
Men axir… Juda boshqacha,
Sevgim so‘zlamoqqa yetmaydi kuchim.
Sizsiz qiyin bo`lar shubhasiz menga,
Bechora hislarim tirnaydi ichim…

Sanjar Mashriqiy
@konservativ_tribunal