Get Mystery Box with random crypto!

​#kitob #taqriz #Sunbula Tillaniso NURYOG'DI ning 'Sunbula' | Kitobxon kundaligi


​#kitob
#taqriz
#Sunbula

Tillaniso NURYOG'DI ning "Sunbula" kitobiga taqriz.

Kitobni qo'limga olishim bilanoq birinchi galda diqqat bilan e'tibor qilganim muqovasidagi rasm bo'ldi. Termulgancha uzoq qolib ketdim. Nimadir demoqchi. Anglolmadim baribir. Keyin mutolaa jarayoni boshlandi. Har bir jumla qayta-qayta o'qildi. "Sunbula" da his qilganim dard, qalb og'rig'ini so'nggi daf'a "Yolg'izlikning yuz yili" va "Jinoyat va jazo" da tuyganman. Sahifadan sahifaga odimlarkanman botinimda alam, iztirob, nafrat, dunyoning jamiyki qoraliklari mujassamlashgandek his qilaverdim. Lekin tasalli bor. Ha shunday. Qalb ko'zi bilan qaralsa, har nafrat, har iztirob, har dard ortida inja tuyg'ular: sevgi-muhabbat, shafqat, samimiyat yashirin. Yagona tasalli shu. Go'yoki miltillab turgan cho'g' misoli.

Kitobdagi ba'zi jumlalar ortiga berkitilgan ma'noni anglab, dod deb yuborgingiz keladi. Qaniydi, anglanmasa, his qilinmasa. Shunda keyingi jumlaga ko'chishdan oldin beixtiyor ich-ichingizdan g'alati qo'rquvni his qilasiz.

"Sunbula" ning eng katta yutug'i o'zgacha so'zlarning latofat ila o'z o'rnida qo'llanilganidir. Qolaversa, ramzlar ko'pligi kitobxon aqlini shoshirib ham qo'yadi. Xullas, baxtli yashashdan zerikdingizmi? Yashab turgan dunyongizdagi qulayliklar sizga noqulaylik tug'diryaptimi? Bir maromda davom etayotgan yashash tarzidan charchadingizmi? Unday bo'lsa, ushbu kitob aynan siz uchun.

Iqtiboslar:

"Aqlning do'zax bo'lishi hali hech narsa emas. Biz hammamiz aslida shu do'zaxda yonishga mahkum qilinganmiz. An'anaviy do'zax haqidagi tushunchalardan farqli ravishda biz arosat do'zaxida yonamiz. Qaysi tomonga tegishli bo'lishni, nima to'g'ri, nima noto'g'riligini bilolmay, arosat do'zaxida yonamiz. Endi bildim, endi tushundim deganda, oldimizdan yana bir tilsim chiqadi."

"Yomon odam bo'lishdan qo'rquvim esa yaxshi ham bo'lolmasligimga sabab bo'lgan. Yomonidan qo'rqib, tuyg'ularingga erk bermas ekansan, sen aslida yaxshi, boshqalar va oliy vijdoning tomonidan "oq" deb tan olinadigan tuyg'ularga ham erk bermaysan."

"Yuragi yonayotgan odam uchun kimgadir ko'nglini ochmoqchi bo'lib ko'rsatgan samimiyati rad etilishidan yomoni yo'q."

"Ichida yong'in yonayotgan odamga ko'ngil to'lishi muhimmas. U ko'ngilni bemalol bir chetga surib qo'ya oladi."

"Dunyo ham dunyosida sochilib yotibdi."

"Atrofda yolg'iz bo'rilar izg'iy boshladi. Agar odam istasam o'sha yolg'iz bo'rilardan birining ko'zoynagini artib beraman-u, unga g'amxo'rlik qilib, ma'lum muddat uni o'zim bilan, o'zimni u bilan ovutaman."

"O'z ichidagi qorong'ilikni tanigan odamning o'zgalar qorong'iligini tushunishi qiyin bo'lmaydi."

Telegram | Instagram