Get Mystery Box with random crypto!

Nega hamma ham sevimli xususiy ishida ishlolmaydi? Sevimli is | Karyera Life

Nega hamma ham sevimli xususiy ishida ishlolmaydi?

Sevimli ishda ishlolmaslikning sabablari koʻp. Ehtimol u orqali yaxshi daromad topolmaslikdan qoʻrqish, ehtimol oʻziga yaxshi narsalarni ravo koʻrolmaslik (mazoxim) tufayli boʻlishi mumkin.

Bugun oʻz ishini boshlashga qatʼiy niyat qilgan va bir yoki bir necha bor urinib natija ololmaganlar haqida gapirmoqchiman.

Deylik, kishi nima xohlashini biladi, nima qilish (qanday biznes yuritish, blog yuritish, nimalarni oʻrganish va hk.) kerakligini biladi. Lekin bir necha qadamdan keyin taslim boʻlib boshlangʻich nuqtaga qaytadi. Motivatsiyasi juda yuqoridir, lekin energiyasi oʻsha ishni bardavom olib borishga yoʻl qoʻymaydi.

Energiyani yemiruvchi sabablardan biri — triggerlardir. Triggerlarni qoʻngʻiroqchalar sifatida tasavvur qilsangiz boʻladi — oʻtmishdagi ogʻriqli voqealar bilan bogʻliq hislarni uygʻotib yuboruvchi qoʻngʻiroqlar.

Kimningdir tanqidi, shaxsiy munosabatlardagi koʻngilsizlik, ish jarayonidagi yoqimsiz bir holat — xavotir, qoʻrquv, ojizlik va boshqa hislaringizni qoʻzgʻatib yuborishi mumkin. Sizni izdan chiqarishga trigger boʻlgan narsa boshqaga umuman taʼsir qilmasligi mumkin. Chunki hammaning travmalari, Axilles tovoni (nozik joyi), ogʻriqlari oʻzigagina xos koʻrinishda boʻladi.

Yangi ish boshlaganda xatolar qilish, tahminlarning amalga oshmasligi — normal holat. Lekin bitta muvaffaqiyatsizlik — "Hech narsani eplolmaysan", "Nimani ham bilarding", "Qobiliyating bir navi", "Oʻqib shahar oberarmiding" kabi koʻrsatmalar bilan yillar davomida tonnalab quyilgan oʻziga ishonchsizlik hissini ustingizga qulatib yuborishi mumkin. Yiqilib tushgan odam oʻrnidan turib, ustini qoqib, yana davom etishi kerak boʻlgan joyda — trigger oʻtmishdagi masxaralar, yerga urishlar, tan olmasliklar, cheklovlar vagonini tortib keladi va yiqilganni yotib qolishga majbur qiladi.

Aynan tadbirkorlar orasida psixoterapiyaga murojaat qiluvchilar koʻp. Nega? Chunki oʻz ishingni boshlash, sevimli sohangda oʻzingni sinab koʻrish — koʻplab psixik muammolarni yuzaga chiqaradi.

Sarvinoz Omonova