Get Mystery Box with random crypto!

Tekin maslahat va kitob tavsiya qilishni so‘rovchilarga Gazet | Karyera Life

Tekin maslahat va kitob tavsiya qilishni so‘rovchilarga

Gazetalarda va ayrim psixologlarning kanallarida shunday manzara bor: mushtariy 5-10ta gap bilan muammosini bayon qiladi, psixolog esa 20 qator maslahat beradi. Psixologning ishi shu ekanda, deb o‘ylovchilar liq-liq.

Masalahat so‘rab yozganlarning ahvoli yaxshilanadimi? Yo‘q. Balki 1-2%ga o‘zgarar. Odatda hamma narsadan to‘yib ketgan, boshi berk ko‘chaga kirib qolib, ruhiy azoblar og‘rig‘iga chidolmagan odamlar birorta psixologni sahifasini topvoladiyu, shartta dardini dasturxon qiladi.
1)Psixologning vaqtini, energiyasini hurmat qilmaydi (chunki o‘ziniki ham).
2)Psixologni har qanday odamga tekinga yordam berishi kerak bo‘lgan farishtaday tasavvur qiladi. Konsultatsiya pullik ekanini yo narxini eshitishi bilan yozishmalarni o‘chirib, yo‘qolib qoladi.

Bunday odamlarning ahvoli nega o‘zgarmaydi? Ularga ikki enlik maslahat berilsa ham, bu maslahatga amal qilishga harakat qilib ko‘rsa ham, uzog‘i bilan ikkinchi kuni odatdagi hayotiga qaytadi. Chunki haddan ziyod qiynagan og‘rig‘i biroz yumshadi. Endi qo‘lansasi sezilmay qolgan botqog‘ida avvalgiday suzib yuraversa ham bo‘ladi. Yana biror chidab bo‘lmas muammoga duch kelsa, psixologiyaning hech ham yordam bermasligini, o‘tgan safar naf ko‘rmaganini aytadi.

Bir necha oylik, yillik psixoterapiyaga muhtoj odamlarning 3-4 ta konsultatsiyadan keyin yo‘qolib qolishi ham shu sababga borib taqaladi. Hali haqiqiy ish boshlanmasidan turib, psixologning diagnozini quchoqlaydiyu, buyog‘ini o‘zi davolashga qochadi (hech narsa qilmaydi).

Hayotini dabdalasi chiqib ketgan va psixologga to‘lashga puli bo‘lmaganlar psixik salomatligi uchun harakat qilolmaydi. Chunki inson topishi mumkin bo‘lgan eng oson resurs – pul. Pul topa olmagan odam psixik salomatligi uchun nimadir qilishga ham qodir emas (kimdandir haqqini talab qilishga masalan). Yuzta psixologik kitob o‘qishning ham foydasi yo‘q, chunki psixikaning himoya mexanizmlari progressga halal beradi. (Himoya mexanizmlari nimaligi haqida avval yozganman, hech bo‘lmasa google bor)

Endi kitob tavsiya qilishni so‘rovchilar masalasiga kelsam. Avvalo, o‘zbek tilida sifatli psixologik adabiyotlar yo‘q. Faqat o‘zbek tilini bilsangiz, demak so‘rashni hojati ham yo‘q. Shu paytgacha bilim olish yo‘lida birorta chet tilini o‘rganmagan bo‘lsangiz, demak kitobdagilarni qo‘llash ko‘nikmangiz ham yo‘q (pul topa olmagan odam boshqa resurslarni ham topolmasligi misolini eslang).
Chet tillarini bila turib, tavsiya so‘rash esa – uyat. Poisk (qidiruv), hashtag (#), mutaxassislik bloglari degan narsalar bor. Zotan psixologni o‘zi ham bir nechta kitoblar haqida taqriz yozgan, story’larida belgilab o‘tgan, iqtiboslar keltirgan bo‘ladi. Kitob o‘qishni juda-juda istagan odam “Kitob tavsiya qiling” demaydi, screenshot qiladi. Psixologni yozganlarini og‘zingizdan suv oqib o‘qisangiz, screenshot qilishga arzigulik ancha narsa topasiz, uni diqqat bilan kuzatmas ekansiz – qiziqmagan/yaxshi ko‘rmagan odamingizdan kitob tavsiya qilishini so‘rashga qanday ma’nan haqqingiz bor?

Mutaxassis bo‘lmasangiz, psixologik kitob sizga juda kam yordam berishi mumkin. Psixolog bilan ishlaganingizda qo‘shimcha sifatida aynan sizga mos biror psixologik kitobni tavsiya qilsa, shunda samarasi bo‘ladi. Kitobni tavsiya qilishdan maqsad esa – psixolog sizga muammongizni va unga aloqador terminlarni tushuntirib, ko‘p vaqt sarflamasligi va amaliy ishga tezroq o‘tishdir.

Bitta yordam beradigan kitobga duch kelish uchun esa undan oldin yuzlab shunga o‘xshashlarini o‘qib chiqishingizga to‘g‘ri keladi. Ma’lumotlarni bilish boshqa, hazm qilish boshqa. Psixologning ham bitta oltinga teng gapini hazm qilishdan oldin mijoz o‘sha gapni yuz marta e’tibordan chetdan qoldirgan bo‘ladi – juda sodda gapday tuyulgani uchun.

sarvinoz_omonova