Get Mystery Box with random crypto!

Vaqt isrof qilish uchun berilmagan Universitetga kirding, may | Kamol Madaminov

Vaqt isrof qilish uchun berilmagan

Universitetga kirding, mayli. Ko‘pchilik qilolmagan ishni uddalading.

Endi esa leksiya tugashini kutib har daqiqada soatga qarab o‘tiribsan. Xuddiki vaqt ham to‘xtab qolgan.

Darslarda uxlay boshlading. Amaliyotlarda yoqar-yoqmas qatnashyapsan.

Shuning uchunmidi shuncha payt tayyorlanganing.
"Abituriyentman, o‘qishga kirib, mutaxassis bo‘laman. Yurtimni rivojlantiraman" derding.
Endi esa halitdan sessiya payti qanchaga tushishingni hisoblab o‘tiribsan.

Nimayam qilamiz, tizim shunaqa.
O‘qishni bitirish unga kirishdan oson.
Top universitetlarda esa aksincha.

Xop. Endi o‘qishga adashib kirib qolganingni tushunib yetding.

Nima qilmoqchisan?

Bir narsani tushun. Sen oliygohga qattiq qog‘oz uchun kirmagansan!
Oliygoh aslida ilm maskani.

Ko‘pchilik talabalar o‘zlarida o‘qimaslikni odat qilgani uchun ham pora degan narsa ommalashib ketgan.
Agar, o‘qisang bemalol o‘sha yaxshi bahoyingni ololasan.

Dars payti hech nima o‘rgatishmayaptimi?
Battar bo‘l!
Ular bunga majbur emas.
Lekin, Sen majbursan! Kerak bo‘lsa ulardan ilmni sug‘urib ol. O‘sha domlalarni e‘tiboriga tush, tanlovlarda qatnash.

Shundagina 4 yildan so‘ng "Shuncha vaqtimni shu qog‘ozni olish uchun sarfladim-a" deb afsuslanmaysan.

Tushun. Universitet senga muddat berdi. Kasbingni o‘rganishga, chet el universitetlariga tayyorlanishga, chet tilini o‘rganishga, mutaxassis bo‘lib o‘zingni ko‘rsatishga 4 yil qo‘shimcha vaqt berildi.

Bunday imkoniyat yana beriladimi yoki yo‘q, bunisi noma‘lum.
Shuning uchun ham bor potensialingni ishga solib, o‘zingni maksimal ko‘rsat.

Vaqtni bekorga sarflama.
U ortga qaytmaydi...