Get Mystery Box with random crypto!

Hozirda AQSHdagi bir univesitet yozgi maktabida o‘zbek tilidan | Iqtisodchi Kundaligi

Hozirda AQSHdagi bir univesitet yozgi maktabida o‘zbek tilidan dars beryapman. Ayrim muhim jihatlarni qayd etib o‘tmoqchiman.
1.Universitet xodimlarining o‘zaro hurmat va xushmuomalalilik bilan munosabatda bo‘lishi. Xususan, birinchi yig‘ilishdayoq “Yozda dam olishning o‘rniga shu vaqtingizni bizga bag‘ishlaganingiz uchun minnatdormiz” deb gap boshlashdi. Har bir email da “Sen biz bilan ishlayotganingdan juda baxtlimiz” kabi ifodalar qo‘llanadi. Kimdir “samimiy emas” deb e’tiroz bildirishi mumkin. Nima ahamiyati bor buning? U sizga qo‘pollik qilmayotganing o‘zi hurmat ko‘rsatayotganini bildiradi. Har doim, istisnosiz ravishda samimiy qo‘pollikdan nosamimiy xushmuomalalilik yaxshiroq.
2.Student office, ya’ni talabalar duch keladigan muammolar bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim o‘zi qiladigan ishlar haqida ma’lumot berarkan, o‘qituvchilarga “biz sizning akademik faoliyatingizga aralashmaymiz. Faqat bittagina holatda, agar talaba kasalxonada komaga tushib qolgan bo‘lsagina, sizga murojaat qilib, mana shu talaba shu holatda, u faningizni o‘zlashtirishi uchun unga yordam kerak deb aytishimiz mumkin, boshqa holatda umuman aralashmaymiz” dedi. To‘g‘risi, sevdim shu gapini! Ochig‘i, oxirgi vaqtda zamdekanlarning baho masalasida o‘qituvchining ishiga aralashgani, kafedra mudiriga qo‘ng‘iroq qilib, nega mana bu o‘qituvchi 2 qo‘ydi deb so‘ragani men uchun aqlga sig‘mas narsa edi. Nega shunchalik darajaga kelib qolganmiz degan o‘y meni haqiqatan ham juda qiynaydi.
Bu yerda PhD himoya qilgan yurtdoshimiz aytib qoldi, professor darsda nima o‘tishiga birovning aralashishga haqi yo‘q, deb. Ya’ni professorning erkin bo‘lishi buni suiiste’mol qiladigan domlalarni hisobga olganda ham ta’lim uchun muhimroq ekanini anglaganlari va buni ta’minlab qo‘yganlari tahsinga sazovor. Biz esa o‘qituvchi tayyor emas erkinlikka deb u har bir darsda nima o‘qishini o‘quv yili boshida O‘UM (УМК ya’ni) bilan muhrlab, tasdiqlab qo‘yamiz. Birinchidan, O‘UMlar har doim qisqa muddat ichida katta material tayyorlanishini talab qilgani uchun hech qachon sifatli bo‘lmaydi. Ikkinchidan, talaba original ilmiy manbani o‘qishi kerak, o‘qituvchining konspektini emas.
3.O‘ta muhim masala - o‘qituvchilarning dars yuklamasi. Bu yerda bir professor yiliga uchta kurs o‘qirkan. Har bir kurs bir semestrdan davom etarkan, haftasiga 2marta. Professor xohlasa 3ala kursni bir semestrda o‘qib, keyingi semestr to‘liq ilmiy ish bilan band bo‘lishi mumkin ekan (qanday baxt?!). Bizda dars soatlari hali ham juda ko‘p. O‘qituvchiga yiliga 350 soat auditoriya soati belgilangani bilan, auditoriyadan tashqari soatlar, xususan, BMI, magistrlik ishi, PhD dissertatsiyasiga ilmiy rahbarlik kabi soatlar bo‘lmasa, o‘qituvchi yiliga 700 soat dars o‘tishi kerak degani. Bu haftasiga, o‘zimning tajribamda, 9 para (16-18 soat) dars o‘tish degani. Nega biz shuni kamaytirmaymiz, hech tushunmayman. Talabaga ham, professor-o‘qituvchiga ham yuklamani keskin kamaytirish kerak. Toki domlaning haqiqiy dars berishga vaqti bo‘lsin, talabalarning ishtiyoq bilan izlanib o‘qishiga imkoni bo‘lsin.
4.Bizga ko‘p ilmiy tadqiqotlar kerak o‘zbek tilining o‘zlashtirilishi bo‘yicha. Ilmiy asosda yaratilgan darsliklar va baholash tizimlari kerak…

@psixolingvist