Get Mystery Box with random crypto!

Boy mamlakatlar bilan kambagʻal mamlakatlar orasidagi farq yan | Iqtisodchi Kundaligi

Boy mamlakatlar bilan kambagʻal mamlakatlar orasidagi farq yana bir narsada ayon boʻladi. Ijtimoiy mavqe va pulni orasidagi bogʻliqlikda.

Kambagʻal jamiyatlarda puli bor odamni mavqesi oʻz oʻzidan koʻtarilaveradi, farqi yoʻq, bu pulni uyushgan jinoiy guruh aʼzosi sifatida orttirganmi yoki korrupsiya orqali davlat bilan ishlab orttirganmi. Unday odamlar bilan boshqa odamlar qoʻl berib koʻrishaverishadi, kerak boʻlsa, OAV ham ular haqida yozadi. Ya’ni birinchi xususiyati pulni kelib chiqishi ahamiyatsiz. Ikkinchisi, pul bilan mavqe birga bir ayirboshlanadi.

Boyroq mamlakatlarda pulni juda qiyinlik bilan mavqega alishtirsa boʻladi. Masalan, AQShda maktab direktorini mavqesi juda baland — lekin juda kam pul topadi. Kichik biznesmen, oyiga bir million dollar daromad qilsa ham, oʻsha jamiyatdagi maktab direktoridan, yoki katta nashrga ishlaydigan jurnalistdan, yoki yuz barobar kam pul topadigan davlat arbobidan mavqesi ancha past boʻladi. Eng qizigʻi buni ular biladilar. Yozuvchilar kam pul topishadi, lekin ijtimoiy mavqesi baland, yoki diplomatlarni yoki harbiylarni va hokazo.

Bu narsani menimcha hamma yaxshi biladi, AQShdagi yoki Yevropadagi jurnalistni yoki olimni, undan yuzlab barobar koʻproq pul topadigan tadbirkordan mavqesi kattaroq ekanligiga hamma ahamiyat bergan boʻlsa kerak.

Lekin bir qiziq narsaga eʼtiborni qaratmoqchiman. Ayniqsa urushdan keyin, koʻp rus boylari shartli gʻarbga koʻchib shu narsani anglashayotgani juda qiziqligini. Ularni koʻrinadigan boyliklari — katta uyi, qimmat avtomashinasi va hokazo, gʻarbiy jamiyatlarda koʻrsatilishi oson, lekin mavqesini oshirishi qiyin boʻlgan narsalar, deyarli imkonsiz. Shuning uchun ular nima qilishadi? Albatta boshida frustratsiya, yaʼni qabul qilish qiyin. Axir ularda millionlab dollarlari bor, lekin gʻarbda hech kim ularni bu uchun hurmat qilmaydi. Ular oʻylashadiki, ancha yil yashasam ularni oʻsha jamiyatlarga qabul qilishlari mumkin, mavqelari oshishi mumkin. Bu ham xato. Bir necha oʻn yillab Angliyada yashagan boylar buni juda anglashadi va farzandlari tugʻilishidan oldin Etonga yozib qoʻyishadi, shoyadki kelajakda farzandlarini mavqesi baland boʻlsin deb.

AQShda ham buni yoʻli bor, lekin doim yaxshi ishlaydi deya olmaymiz. Ulardan biri xayriya. Xayriya bilan xayriyani farqi bor. Masalan, Afgʻonistondan Kaliforniyaga koʻchib kelgan millioner yaxshi biladiki, agar Afgʻonistonga xayriya qilsa uni xayriyasini taʼsir doirasi yuqoriroq. Lekin AQShdagi mavqesi uchun tabiiyki, AQShdagi u kirmoqchi boʻlgan hamjamiyatga pul berishi afzalroq. Shuning uchun ham, Kaliforniya oʻrmonidagi qurt qumursqalarni muhofaza qilish hamjamiyatiga millionlab pul berishni, Afgʻonistondagi ocharchilikdan qiynalayotgan hamqishloqlariga berishdan afzal deb biladi. Baʼzi bir tadbirkorlar AQShni muhim universitetlariga xayriya berishadi — u ham bir umid bilanki, balki shunday xayriya bersam, oʻsha joyni atrofdagilar uni koʻproq hurmat qiladi yoki eng kamida ertaga farzandlarini oʻsha universitetga kirishi osonroq boʻladi. Xuddi shunday yoʻnalish sanʼatga pul ajratish. Sanʼat va madaniyat atrofidagi odamlar ularni qabul qilishi yoki hech boʻlmaganda tadbirlariga chaqirib turishlari uchun, sanʼatga, galereyalarga va shu kabi tadbirlarni moliyalashtirishga pul berishadi. Bir qiziq nuqta shundaki, shu pulga mavqeni sotib olish qimmat turadi. Yaʼni pulga mavqe olish imkonsiz emas — shunchaki nihoyatda qimmat. Yaʼni mavqeni “ayirboshlash kursi” oʻta qimmat. Puli bor lekin mavqesi yoʻq odam, pichchoqa ilinishi uchun kerakli universitetga yoki muhim muzeyga 5-55 million dollar xayriya qilishi kerak. Yaʼni masalan, oʻzi 100 millioni bor odamni mavqesini koʻtarish juda qimmat. Ayniqsa, shubhali daromad manbasidan pul topsa. Lekin shartli Afgʻoniston yoki Rossiyada 100 million dollar bor odamni mavqesi shundoq ham baland boʻladi. Shu narsa koʻpchilikka yaxshi koʻrinmaydi.