Get Mystery Box with random crypto!

Bu iqtisodiy turg’unlikmi? Qachon iqtisodiy turg’unlik boshlan | Iqtisodchi Kundaligi

Bu iqtisodiy turg’unlikmi? Qachon iqtisodiy turg’unlik boshlanadi? degan savollar AQShda darhaqiqat ko’p yangramoqda.

Menimcha bu savollarga javob qanday bo’lishining farqi yo'q, ya’ni rasmiy ravishda hozir retsessiya yoki retsessiya
emasligini tan olishning unchalik ahamiyati yo’q deb o'ylayman. Iqtisodiy vaziyat qanday va kim tomonidan nomlanishidan qat’iy nazar, faktlar va raqamlar o’zlari hammasini gapirmoqdalar. Hozirgi iqtisodiyotni faktlari shundaki, yuqori inflyatsiya darajasi odamlarni qashshoqroq qilmoqda va foiz stavkalarining oshishi investitsiyalarni sekinlashtirmoqda, to’xtatmoqda. To’g’ri, bularning barchasi - retsessiya alomatlari- ishsizlikning nihoyatda pastligi sharoitida sodir bo’lmoqda. Bugun chop etilgan ish bozoridagi ma’lumotlaridan shuni xulosa qilish mumkinki, ish beruvchilar biz retsessiyadamiz deb o’ylamayaptilar. Yuqoridagilarni inobatga olib, sartaroshxona va ko’chmas mulk idoralari o’rtasida joylashgan binodagi iqtisodchilar iqtisodiyotga hozir qanday nom berishlari kundalik hayotda ko’p narsani o’zgartirmaydi. Bilasiz, yalpi ichki mahsulot raqamlari chop etilgandan so’ng ular cheksiz ravishda reviziya qilinadi, qayta ko’rib chiqiladi. Bundan tashqari, YaIM uchun hozirda iqtisodiyotdan tashqari idiosinkratik faktorlar juda ko’p.

Men boshqa narsa haqida yozmoqchi edim. Aslida retsessiya haqidagi kutilmalar va qo’rquvlar retsessiyaga olib kelishi mumkin (inflyatsion kutilmalar inflyatsiya darajasiga ta’sir qilgani kabi). AQSh iqtisodiyotining asosiy drayveri bu iste’molchi xarajatlari, ular esa hozircha sog’lom darajada. Uy-xo’jaliklari jamg’armalari ham sog’lom darajada. Lekin, iste’molchilarning katta qismi keyingi davrda retsessiya boshlanishiga ishonsalar va ularda bunday qo’rquv bo’lsa ular bugun xarajatlarni qisqartirishni boshlaydilar, korxonalar ishchilar sonini, ishlab chiqarishni, sarmoyalarni qisqartirishni boshlaydilar. Qarabsizki bu kutilma/qo’rquv haqiqiy retsessiyaga yetaklaydi.

AQSh markaziy banki uchun ham hozirda iqtisodiyot tanazzulga rasman yuz tutganmi yoki yo'qmi, buning ahamiyati katta emas. MB uchun asosiy muammo hozir jilovdan chiqib ketayotgan inflyatsiya darajasi va isib ketgan iqtisodiyot. Bugun chiqqan raqamlarga ko’ra maoshlar inflyatsiyasi ham oshgan, bu muqarrar edi. Talab va narxlarning oshib borayotgan sur’atini kamaytirishga qaratilgan chora - stavkalarning oshishi - talab va iste’molchi xarajatlarini keragidan ham ortiq korreksiya qilib yuborishi ham mumkin. Stavkalarni birdaniga 3-4%dan emas, bosqichma-bosqich 0.25-0.75%dan ko’tarilayotganining sababi ham shunda. MBning hozirgi ishi yuvelir yoki plastik jarrohnikiga o’xshatsa bo’ladi. Inflyatsiya darajasi pasayganidan so’ng MBda retsessiyaga qarshi instrument mavjud bo'ladi, bu esa stavkalarning balandligi. Ya’ni, stavkalarni tushirishga koridor borligi, sur’ati sekin bo’lsa ham lekin musbat raqamlarda o’sishga turtki qilsa bo’ladi.

Kutilgandan ham ko’p ish o’rinlari yaratilganligi, va umuman ishsizlik darajasi pastligi haqidagi raqamlardan so’ng nima uchun bozorlar salbiy kutib oldilar? Teskarisi bo’lishi kerak emasmi aslida deb so’rashingiz mumkin. Fond bozori uchun bu yaxshi habar aslida yomon habar. Sababi, investorlar MB stavkani sentyabrda yanada oshirishidan qo’rqmoqdalar. Kuchli ish bozori hisoboti va yuqori inflyatsiya darajasi MB uchun ideal sharoit - qo’rqmasdan kattaroq risk olib stavkalarni yanada oshirishga. Fond bozoriga va aksiya narxlariga bu salbiy ta’sir qiladi.

Xullas, dolzarb muammo bu inflyatsiya. Retsessiya tamg’asining ahamiyati katta emas. Retsessiya kutilmalari retsessiya ehtimolligini oshirishi mumkin. Aksiya/fond bozori esa kutilmalar bozori, va aktivlarning narxlari investorlarning kelajakdagi kutilmalariga bog’liq.

@uzbekonomics