Get Mystery Box with random crypto!

O‘z kamchiligingizni biling! Bir yigit yoshgina qizga uylandi | 🌴🌸IBRATLI XIKOYALAR🌸🌴

O‘z kamchiligingizni biling!

Bir yigit yoshgina qizga uylandi. Kunlarning birida uyiga kuyovning og‘aynilari ziyofatga keladigan bo‘lishdi. Odatlariga ko‘ra, kuyov qo‘y so‘ydirdi. Ayoliga chiroyli qilib taom pishirishini tayinladi.
Qiz qo‘rkib ketib, eriga ovqat qilishni bilmasligini, ota uyida o‘rganmaganligini aytdi.

Erning jahli chiqib:
- Narsalaringni tayyorla, seni uyingga qaytarib olib borib qo‘yaman. Sen ovqat qilishni bilmasang, mening xotinim bo‘lishga noloyiqsan, - dedi.

Qizning uyiga kelib, qizning otasiga:
- Bu, sizlarning molingiz, o‘zingizga qaytarildi, - dedi. - Ovqat tayyorlash usullarini unga o‘rgatmaguningizcha, mening yonimda unga o‘rin yo‘q! - dedi.
Ota:
- Ikki oy davomida biz bilan tursin. Shu muddat ichida bilmagan narsalarini o‘rgatamiz, so‘ng sizga qaytaramiz, - dedi.

Qiz ota uyida ikki oy yashadi. Aytilgan vaqt o‘tdi. Eri uni olgani keldi. Eri pishirishni yaxshilab o‘rgangan bo‘lsagina, uni qaytarib olib ketishi mumkinligini ta’kidladi.

Otasi:
- Qizimiz, ojizamiz, barcha taomlarni oliy darajada, xususan, qo‘y go‘shtidan ajoyib narsalar tayyorlashni o‘rgandi, - dedi.
Kuyov:
- Unday bo‘lsa, Alloh barakasini bersin. Qani, ketdik, uyga, - dedi.
Ota:
- Ketishingizdan oldin, qizimning o‘rganganiga o‘zingiz ishonch hosil qilib, keyin ketishingizni xohlayman, - dedi.

Tirik qo‘yni keltirib, kuyovga:
- Buni so‘ying, - dedi. - Qizimizni qay darajada uni pishira olishini o‘zimiz ko‘ramiz, - dedi.
Kuyov:
- Men qo‘y so‘yishni eplay olmayman, - dedi.
Ota:
- Unday bo‘lsa, kuyov to‘ra, boring - da, oilangizdan mardlikni o‘rganib keling! O‘rganib bo‘lganingizdan keyin, marhamat, kelib xotiningizni olib keting, - dedi...

Xulosa:
Bir insonga «Shuni ham bilmaysanmi?» deyish oson!
Lekin unga o‘rgatishni, shu muddat ichida sabr qilishni bilish, katta mahorat!
Insonni Alloh oqil qilib yaratdi. U o‘rganolmaydi, deyish xato. Lekin ayol kishi bilmasa, darrov ota - onasiga ta’na toshlarini yog‘dirishni boshlaydilar! Ota - onasi berolmagan tarbiyani, siz bering! Siz o‘rgating!
O‘zini oila boshlig‘i deb hisoblovchi har bir erkak qo‘l ostida bo‘lgan ojizasi-ayoliga go‘zal munosabatda bo‘lishi lozim. Uning kamchiliklarini yuziga solmay, xushmuomalalik bilan o‘rgatishi darkor. Qiz bola turmush qurgach erining qaramog‘iga o‘tadi, uni go‘zal tarbiya qilish endi erining vazifasi. Ayol misoli g‘uncha, erkak esa bog‘bon! Gulning so‘lib qolishi yoki gullab yashnashi bog‘bonning mahoratiga bog‘liq. Ayolini kamchiliklarini yuziga solib, uni yerga uradigan, undan shikoyat qiladigan erkaklarga hayron qolaman... Go‘yoki o‘zlari mukammal, ayb-nuqsonsizdek! O‘zlari qo‘llariga ishonib topshirilgan Gulni parvarishlay olmay, yana noliydilar... Ayb kimda?-degim keladi.
Aybdor kishigina o‘z xatosini ko‘rmay, boshqalarga ag‘daradi. Shuni bilingki ayolingizga otgan tana toshingiz birinchi bo‘lib o‘zingizning boshingizga kelib tushadi!

O‘zbek oyim