Get Mystery Box with random crypto!

Oila fiqhidan (Ustozlar nasihati) Unashtirilgan kishilar muno | Hubbuna

Oila fiqhidan (Ustozlar nasihati)

Unashtirilgan kishilar munosabatlari to‘g‘risidagi savollar juda ko‘p so‘raladigan savollardan. Masalan:
— Unashtirilgan yigit bilan qiz telefonda gaplashib yursa bo‘ladimi?
— Unashtirilgan yigit-iz yolg‘iz qolsalar bo‘ladimi?
— Unashtirilgan yigit-qiz uchrashib yursa bo‘ladimi?
— Unashtirilganlar bir-birlariga rasmlar yuborsa bo‘ladimi? Va hokazolar.


Unutmangki, shariatda nikohlangan va nikohlanmagan degan maqomlar bor.

Unashtirilgan degan maqom yo‘q. Binobarin, o‘zaro munosabatlarda unashtirilgan bilan unashtirilmaganning dinda aslo farqi yo‘q. Unashtirilish yigit va qizning o‘zaro munosabatlarida hech qanday yangi narsa paydo qilmaydi. Undan oldin harom bo‘lgan narsalar undan keyin ham harom bo‘ladi.

Unashtirishning yagona foydasi tomonlar bir-biriga vaʼda berishi xolos. Bu vaʼda ham ko‘p ulamolar nazdida sunnat bo‘ladi, baʼzilar vojib degan.

Biroq unashtirish degan narsaning salbiy tomonlari talaygina:

1.
U tomonlarni bir-biriga yaqindek qilib qo‘yadi. Oqibatda, nosharʼiy — harom ishlarga jurʼat paydo qilishi mumkin. Hayotda bu tez-tez uchrab turadi. Unashtirilganlar o‘zaro gaplashib, uchrashib yurishlari, baʼzida zinoga olib borishi ham mumkin.

2.
Yigit-qiz unashtirilgan holda gaplashib yurish bilan o‘zaro janjallashib, bir-birlaridan sovib qolishlari mumkin. Hali bir-birini yaxshi bilmaganidan o‘rtada turli odobsizliklar, dilxira gap-so‘zlar bo‘lishi mumkin. Nikohdan oldin shayton ko‘p fitnalar qiladi. Nikohning barakasi bilan bu fitnalar, odatda, ancha kamayadi. Ayniqsa, to‘y sharʼiy qoidalar asosida ehson-sadaqa shaklida chiroyli o‘tgan bo‘lsa. Biroq nikohdan oldin arzimagan xato rishtalarni mutlaqo uzib yuborishi mumkin. Shu sabab ham, unashtirilgandan keyin to nikoh bo‘lib, birga yashaguncha gaplashib yurish yaxshi oqibatlarga olib bormaydi.

3.
Unashtirilgandan keyin ko‘pincha unashtiruv bekor qilinsa, bu qizning keyingi hayotiga salbiy taʼsir qilishi, uning sovchilari kamayib, boshqa munosib juft topishi qiyinlashishi mumkin.

4.
Unashtirish bilan bog‘liq va uning ortidan keladigan to‘ygacha bo‘lgan behuda marosimlar va sertakalluf bordi-keldilar tomonlarni charchatadi, ortiqcha chiqim, isrof va ovoragarchiliklarga, bemaʼni odatlar va tamaʼgirliklarga olib keladi.

Arablarda nikohdan keyin erkak va ayol xilvatda qolguncha o‘zaro gaplashib yurish odati bor. Ko‘p arablar nikoh o‘qitib, biroq to‘y qilmay va birga yolg‘iz qolmagan holda oylab gaplashib yurishadi. Mabodo, munosabatlari ijobiy bo‘lmasa, bir taloq bilan nikoh bekor bo‘ladi. Mahrning yarmi beriladi.

Biroq bu odat sharʼan joiz bo‘lsa-da, bizning diyor ahli urfida bo‘lmagani va ortidan turli fitnalar urchishi mumkinligi sababidan, bizning diyorlarda bunday qilishdan saqlanishga buyuriladi.

Shunday ekan, unashtirish degan narsani kamaytirib, nikohni tezlashtirish va to‘ylarni osonlashtirish kerak. Vallohu aʼlam.

Mahmud Usmon

#foydali_ilm | #baxtiyor_oila

@dilshod_bahrom