Get Mystery Box with random crypto!

​​Rus askarlarini Ukrainadagi bosh qoʻmondoni tarixini oʻqisan | Hoshimov Iqtisodiyoti

​​Rus askarlarini Ukrainadagi bosh qoʻmondoni tarixini oʻqisangiz juda qiziq. Birinchidan, Sovet ittifoqi tarqayotganda 3 kishini Moskvadagi oʻlimini sababchisi boʻlgani. Ikkinchidan, oʻziga boʻysunuvchi ofitserni saylovda notoʻgʻri odamga ovoz bergani uchun urgani va u keyinchalik suiqasd qilgani. Uchinchisi, katta ofitser boʻlmagan boʻlsa ham, shimoliy Kavkazda ham vahshiyliklarni boshqargani, masalan bir qishloqdagi barcha erkakni qoʻlini bogʻlab, kamida 11 kishini oʻldirgani va uylarni vayrona qilib ayollarga zoʻravonliklar qilgan guruhni qoʻmondoni boʻlgani.

Toʻrtinchisi, Suriyadagi Rossiya qilgani harbiy jinoyatlarni ustida turgan ofitser boʻlgani uchun. Bu odam haqida men birinchi marta aynan Rossiya Suriyaning shaharlarini yer bilan tekis qilganida oʻqigan edim. Deyarli barcha harbiy jinoyatlarni hujjatlashtiradigan tashkilotlarga koʻra, aynan general Surovikin rus harbiylarini boshqarganida, Ruslar Suriya shaharlaridagi gumanitar obyektlar, jumladan, shifoxona, maktab va bozorlarni bombalashgan.

Shuning uchun, aynan Surovikin Ukrainadagi harbiylarni boshqarishini qandaydir ramziy qismi bor. Insonparvarligi bilan ajralib turmaydigan rus harbiylari ichida eng vahshiy va eng zoʻravon odamligi — “General Armageddon” ekanini eʼtirof etishgan edi uning hamkasblari.

Yaqinda, Masha Gessenning Dudʼga intervyusini koʻrgan edim, oʻshanda Gessen qiziq gʻoyani aytgan edi. Ukrainadagi Bucha shahriga borib, aholini qiynab oʻldirgan rus askarlarini qilgan ishlarini koʻrib — ajablanmadim dedi. Sababi — Gessen Rossiyaning Chechinstondagi urushi haqida koʻp yozgan. Buchadagi qotillik va vahshiylik — xuddi Chechenistondagidek boʻlgan deydi Gessen. Menimcha, Chechenistondagi aholiga qarshi rus soldatlari Ukrainaliklarga qaragandan ham yomonroq qarar edilar. Rus millatchilari (harbiylarni ideologlari) nazdida Ukrainaliklar bu “adashgan ruslar”, lekin Chechenlar bular boshqa millat, din va irq. Ommaviy qirgʻin va etnik tozalash uchun oʻsha aholiga qilinadigan munosabat ham yomon boʻlishi kerak. Ardent aytganidek, fashizmni muhim qismi bu — “degumanizatsiya”. Yaʼni narigi tarafni “insonsizlantirish”. Bu jarayon Chechen urushlarida ancha koʻzga tashlangan edi — yaʼni ruslar uchun Chechenlarni degumanizatsiyasi urushsiz ham oson edi. Shuning uchun, bu urush boshlanganida, bir rus faylasufi zoʻr gapni yozgan edi: “hozir ko’p rossiyaliklar, harbiylari qilayotgan ishidan uyalishmoqda, lekin agar Rossiya Tojikistonda urush qilayotganida edi, bunday uyatni his qilish darajasi ancha past boʻlar edi”. Men ham shu fikrga qoʻshilaman.

Aytmoqchi boʻlganim — Surovikin bu rus imperialist tarixini toʻliq aylana boʻlib qaytishining ramzi. Gʻarb va rivojlangan dunyo rus armiyasini Chechnya, Shimoliy Kavkaz, Gurjiston, Suriya va Markaziy Afrikadagi harbiy jinoyatlariga koʻz yumib kelgan edi. Faqatgina rus armiyasi yutqazishni boshlab, OAVlar buni gapirib, ijtimoiy bosim kuchaygani va Yevropani markazidagi katta urushdagina ahamiyat berishni boshladi. Prinsiplardan voz kechish g’arbga qimmatga tushmoqda.

Rasmda: Grozniy shahri. Bundan keyin Mariupol va Suriya shaharlari, jumladan Aleppo ham shunday tekislandi. Menimcha, aynan shuni deb.