Get Mystery Box with random crypto!

OTA-ONAM Yonimga kelishgan edi tunov kun, Qarasam, ikkisi anc | Hikoyalar (G&M)

OTA-ONAM

Yonimga kelishgan edi tunov kun,
Qarasam, ikkisi ancha xoribdi.
Mahzun koʻzlaridan sezib qoldim men,
Otam ham, onam ham birdek qaribdi!

Dardlarim koʻp edi serob, toʻkinli,
Dardlarki, yurakka qadar boribdi.
Oʻrtadan boʻlishib olgan, shekilli,
Otam ham, onam ham birdek qaribdi!

Koʻzda yosh yiltillar nogoh kularkan,
Anordek yuzlarni ajin yoribdi.
Yolgʻiz oʻgʻil dardi ogʻir boʻlarkan,
Otam ham, onam ham birdek qaribdi!

Qarilik dardini berkitolmas zeb,
Atrofdan serjilo yoshlik aribdi.
Tavba, bir-biridan qolishmayin deb,
Otam ham, onam ham birdek qaribdi!

Yillarni yamlaydi bittagina gʻam,
Bitta dard sochlarga qorlar qoribdi.
Besh kunlik ekan-da dunyo rostan ham —
Otam ham, onam ham birdek qaribdi!

... Yonimga kelishgan edi tunov kun,
Boqsam, bus-butunlay soch oqaribdi.
Nogoh bir qoʻrqinchdan choʻchib ketdim men —
Otam ham, onam ham birdek qaribdi!

Xayrulla Hamidov