Get Mystery Box with random crypto!

Muhabbat nima? Muhabbat Rasululloh sollallohu alayhi va salla | Hayot Kundaligi Islomiy Kanal

Muhabbat nima?

Muhabbat Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hijrat qilgan kechada u zotning oʻrinlarida uxlagan Ali roziyallohu anhudir. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni qavmlari oʻldirish uchun toʻplanganini bilar va Nabiy alayhissalomning oʻrinlarida qatl qilinishiga aniq ishonardi.

Muhabbat Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ruhini, obroʻsini, molini fido qilgan Abu Bakr roziyallohu anhudir. Uni Quraysh kofirlari urib hushidan ketkazishganida, oʻziga kelib birinchi aytgan gapi “Rasulullohga nima boʻldi?” boʻlgan edi.

Muhabbat bani dinorlik sahobiyadir. Sahobalar bu ayolga eri, otasi va birodari Uhudda shahid boʻlgani munosabati bilan taʼziya bildirishdi. U esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni qidirardi. Nabiy alayhissalomni koʻrgach, dedi: “Siz tirik ekansiz, boshqa musibatlar hech narsa emas, yo Rasululloh”.

Muhabbat Savbon roziyallohu anhudir. Bir kuni u rangi siniqqan holda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga koʻrindi. U zot soʻradilar: “Nega ranging o’zgargan?” Javob berdi: “Menda hech qanday kasallik yoki ogʻriq yoʻq. Ammo sizni koʻrmay, yoʻqotib qoʻysam, sog’inib qolyapman”.

Muhabbat Hubayb roziyallohu anhudir. U zotni asir olib, oʻldirish uchun dor ostiga keltirishdi. Dushmanlardan biri: “Hozir oʻrningda Muhammad boʻlishini xohlarmiding?” deb soʻradi. Hubayb javob berdi: “Allohga qasamki, men ahlim va avlodim huzurida tinchgina oʻtirib, Muhammadga bir tikan kirishini xohlamayman”.

Muhabbat Abu Talha roziyallohu anhudir. U zot Uhud gʻazotida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytdi: “Yo Rasululloh, yaqin bormang, yaqin bormang. Siz musibatga uchraganingizdan mening tomogʻimga oʻq qadalgani yaxshiroq”.

Muhabbat Umar roziyallohu anhudir. U zot Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlarida sahobalarga: “Muhammad oʻldi, demanglar. U zot Musoga oʻxshab Rabbilari bilan soʻzlashgani ketdilar. Albatta, qaytadilar”, degan edi.

Muhabbat Amr ibn Os roziyallohu anhudir. U kishi aytadi: “Hurmat yuzasidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tik boqqanim yoʻq”.

Muhabbat Bilol roziyallohu anhudir. U zot Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin azon aytolmay qoldi. Bir marta hazrat Umar azon chaqirishini soʻraganlarida uning azoniga butun Madina yigʻlagan edi.

Muhabbat Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdirlar. U zot sahobalariga: “Menga insonlar ichidan eng suyuklisi Oisha, keyin uning otasidir”, deb eʼtirof qilgandilar.

Muoz roziyallohu anhuga aytgandilar: “Ey Muoz, Allohga qasamki, men seni yaxshi koʻraman”.

Hazrat Aliga: “Sen mendan, men sendanman”, degan edilar.

U zot bizni eslab aytgan edilar: “Mendan soʻng bir toifa insonlar keladi. Ular meni juda yaxshi koʻrishadi. Hatto ahli va molini fido qilib meni koʻrishni xohlashadi”.

Mana sizga haqiqiy Muhabbat!


@hayot_kundaligiii1