Get Mystery Box with random crypto!

2009-yilda Toshkent shahri Amir Temur xiyobonidagi chinorlarni | Ilyos Safarov

2009-yilda Toshkent shahri Amir Temur xiyobonidagi chinorlarning kesib tashlanishi ishi qonuniy yoki noqonuniy bo'lgani masalasi doim bahsli.

Bu qandaydir sirli, gapirish mumkin bo'lmagan mavzu shekilli, mas'ullar hozirgacha unga izoh berishdan o'zini tiyib keladi.

Ko'p yillar hukumatdagi yuqori lavozimlarda ishlagan tanishlarimdan biri yaqinda shu voqea haqida tasodifan so’z ochib qoldi. O’zini ekofaol hisoblovchi bir jurnalist uchun esa bu tabiiyki, juda katta mavzu va suhbatimiz davomida tanishimdan chinorlarning kesilishi haqida imkon qadar ko’proq narsa gapirib berishini iltimos qildim.

Sobiq mulozimning eslashicha, xiyobondagi chinorlarning kesilishi 2009-yilda Forumlar saroyi qurib bitkazilishi va uni ko’rishga kelgan marhum prezident Islom Karimovning topshirig’i bilan qilingan ish bo’lgan.

“Qurilish tugay deb qolgan kunlar edi. Shunday kunlarning birida Karimov qurilishni ko’zdan kechirish uchun Forumlar saroyiga keldi. Prezident avval saroy atrofini, pastki qavatlarni ko’zdan kechirdi. Keyin o’zi bilan kelgan mas’ullarni binoning tepa qismiga olib chiqdi. Qurilish bo’yicha tavsiyalar mas’ullarga asosan shu yerda berildi.

Karimov mas’ullarga topshiriqlarini berarkan, bir payt Amir Temur xiyoboniga qaradi-da, Abduqahhor Toʻxtayevga (2005 — 2011 yillarda Toshkent shahri hokimi) shunday topshiriq berdi: Abduqahhor, bu yerdagi chinorlarni ham saralash kerak. Qaysi chinor kesilib, qaysi biri qolishini o’zim senga aytaman…

***

2009-yilga kelib Karimovda xotira susayishi sezila boshlagandi. Qarangki, chinorlarni saralab berish bo’yicha topshirig‘i ham Karimovning yodidan ko’tarilgan. Agar sobiq hokimning o’zi prezidentga eslatmaganda, chinorlar kesilmay qolishi mumkin edi.

***
Xullas, topshiriqdan keyin 3-4 oy vaqt o’tdi. Karimovning chinor saralash ishidan ha deganda yangilik bo’lavermagach, navbatdagi uchrashuvlardan birida hokimning o’zi prezidentga bu haqda eslatadi. Shu paytda Karimovning kayfiyati yaxshi bo’lmagan shekilli, To’xtayevga o’shqirib beradi: Nima shuni ham men qilib berishim kerakmi?

Shu bilan ish To'xtayevning o'ziga qoladi va u saralab o'tirmay, xiyobonning hamma chinorlarini kestirishga topshiriq beradi. Topshiriq a'lo darajada bajariladi ham", deya voqea haqidagi xotiralarini tugatdi mulozim.

***

Xotirani Amir Temur xiyobonidagi chinorlar kesilish voqeasi bo'yicha eng tog'ri versiya deyishdan yiroqman. Sizga o'sha paytda yuqori lavozimda ishlagan amaldorlardan birining fikrini ulashdim xolos.

@haqiqatdaIlyos