Get Mystery Box with random crypto!

Ruminiyaning O'zbekistondagi elchisi Daniel Kristian Chobanu o | Ilyos Safarov

Ruminiyaning O'zbekistondagi elchisi Daniel Kristian Chobanu
o'zbekistonliklarni yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami bilan o'zbek tilida tabriklabdi. Bu haqda Turizm va madaniy me'ros vaziri maslahatchisi Temur Mirzayev facebook sahifasi orqali xabar ulashdi.

Elchining tabrigi uchun ramziy ma'noda O'zbekistonning eng baland nuqtalaridan biri – Hazrati Sulton choʻqqisi tanlangan (4083 metr).

Tabrik mustaqil O'zbekistonning vatandoshi sifatida meni bir xursand qilgan bo'lsa, uning o'zbek tilida bo'lgani xursandchiligimni yana o'n karra oshirdi. Buning uchun elchi janoblariga minnatdorchiligimni bildiraman.

Endi bir fikr o'rtoqlar. Videoda ko'rgan bo'lsangiz, elchining orqa tarafida O'zbekistonning eng baland nuqtasi haqidagi ma'lumot lavhasi afsuski, o'zbek tilida emas. Bu – davlat tili o'zbek tili bo'lgan mustaqil davlat uchun uyatli ish.

Shu ma'noda, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Turizm va madaniy me'ros vazirligi va Davlat tilini rivojlantirish departamenti vakillari birgalikda cho'qqi haqidagi ma'lumot beruvchi lavhani o'zbek tilida o'rnatsa (o'zgartirsa), nur ustiga nur bo'lardi.

Agar lozim bo'lsa, shu xayrli tashabbusda birga ishtirok etib, jarayonni keng jamoatchilikka yoritib borgan bo'lardim (Temur Mirzayev bilan bu boradagi ishlar rejasini ham kelishib oldik).

Hazrati Sultonni ko'rish uchun ko'plab xorijlik sayyohlar keladi. Cho'qqi haqida ular uchun ham qulay bo'lgan tilda ma'lumot o'rnatilishi kerakdir. Lekin O'zbekistonning eng baland cho'qqisi haqidagi ma'lumotlar eng avvalo o'zbek tilida, eng katta hajmda yozilishi shart.

Umid qilaman, nomi keltirilgan idoralar tashabbusimizni e'tiborsiz qoldirishmaydi.


@haqiqatdaIlyos