Get Mystery Box with random crypto!

2019-yil mart oyi edi. Professor Ibrohim Haqqul bilan bir nec | Ilyos Safarov

2019-yil mart oyi edi.

Professor Ibrohim Haqqul bilan bir necha iltimoslardan keyin mana shu suhbatni yozib oldik.

Suhbat shunchalik qiziq va ayni paytda keskin o'tdiki, adabiyotshunos unda o'zbek jamiyatining eng og'riqli dardlarini gapirib, shu dardlarga o'z malhamlarini ham taklif qilgandi.

Ammo Ibrohim aka shu gapirganlaridan o'zi ham biroz xavotirga tushganmi, suhbatdan keyin uyiga borib aytgan ilk so'zi "Kun.uz'ga bir intervyu berdim, chiqsa, yo bor bo'laman yo yo'q bo'laman", - deyish bo'lgan ekan.

Yo'q, shukrki, hech nima bo'lmadi. Suhbat o'sha paytdagi ochiqlik sharofati bilan, biror qisqartirish va qarshiliksiz e'lon qilingan. Adabiyot muxlislari ham intervyuni katta qiziqish bilan kutib oldi.

Men esa undan yuqorida ham yozganimdek, adabiy suhbatlar, umuman, suhbatlar uchun o'ziga xos "planka" belgilab oldim.

Bu keyingi faoliyatim uchun kuchli bosim ham edi. Katta shaxsiyat - Ibrohim Haqqul bosimi.

Shu bosim meni adabiy suhbatlarni doim o'ylab uyushtirishga, katta natijani maqsad qilib, unga oylab tayyorgarlik ko'rish va boshlangan qator darajasini tushirmaslikka undab turadi.

Shu bosim menga bir qator yozuvchi va shoirlar "biz bilan ham suhbat qiling", – deya qo'ng'iroq qilganida, "yo'q", - deya olishga kuch va ma'naviy haq ham bergandek.

"Ibrohim aka bilan bo'lgan suhbat darajasiga yaqinlashmas ekan, qilib nima qildim", - deyman o'zimga.

Ibrohim Haqqul men uchun ana shunday daraja, ana shunday shaxsiyat edi. Uning vafoti xalqimiz, adabiyotimiz uchun katta yo'qotish.

Suratda esa olim o'z uyida oila a'zolari uchun so'nggi bor ovqat pishirib bermoqda.

@haqiqatdaIlyos