Get Mystery Box with random crypto!

Dominikalik siyosiy konsultant Rafayel Kezpedez Chavesni “mulo | Hamid Sodiq | Rasmiy kanal

Dominikalik siyosiy konsultant Rafayel Kezpedez Chavesni “muloyimlashtirish” bilan shug‘ullangan edi. “Uning sochlari kalta, harbiylarga xos, yuz tuzilishi esa kaltaklanishdan shikaslangan edi. Chaves hatto qanday jilmayishni ham bilmas edi” deya yodga oladi Kezpedez.

Bir qancha vaqt prezidentlikka nomzod Chaves bilan ishlagandan so‘ng, Kezpedez Chavesni TV dasturga yuboradi. Dastur boshlovchisi bo‘lgan ayol jurnalist sobiq zobitni qattiq tanqid qilib kelayotgan edi. Lekin studiyada qarshisiga kelib o‘tirgan dastur mehmoni (Chaves) ta’riflangandek qo‘rs parashutchi emas, balki qo‘lida buket tutgan jentelmen edi. Chaves buketni boshlovchiga tutqazar ekan jilmayib unga “do‘nita” (yosh xonim) deb murojaat qilgandi. Dastur davomida boshlovchining “tikanli” savollaridan Chaves mohironalik bilan qochishni qoyil qiladi.

Chavesga nima bo‘lgandi? U endi demokratga aylanganmidi? Also yo‘q. Qamoqdan chiqqandan so‘ng u bir do‘stiga: “Agar men Mirafloresga erishsam, bizdan qudratni hech kim tortib ololmaydi. Qonuniy yoki noqonuniy bo‘lsin, muxolifat hech bir yo‘l bilan iqtidorga qaytolmaydi” degan edi. Prezidentlikka erishgach u o‘z so‘zini bajardi. Chaves 2030 yilgacha hukumat rahbarligida qolish haqida gapirardi. 1998 yilgi saylovlar Chaves uchun “taktik imkoniyat” taqdim etgandi. U “deputatlar va gubernatorlar bilan muzokara qilib o‘tirish niyati yo‘q edi”.

Uning o‘rniga, Chaves xalq orasidagi o‘zining yuqori obro‘sidan foydalangan holda Venesuelaning konstitusion tiyib turish tizimini ishdan chiqarishni afzal ko‘rdi. U prezident etib saylanganda 90 foizli ijobiy reytingga ega edi. Bu ko‘rsatkich vaqti kelib pastlashini sezgan Chaves yuqori reytingidan uzoq davom etuvchi institusional ustunliklar, ya’ni hukumatdagi ittifoqdoshlar va media ustidan nazoratni qo‘lga kiritish yo‘lida foydalangan edi. Prezidentlikka saylanganida uch oy o‘tib Chaves referendum orqali maxsus milliy kengash tashkil qildi. 93 foizi Chavesga sodiq vakillardan tashkil topgan bu kengash Kongressni tarqatib yuborib, bir qator konstitusion o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Konstitusion o‘zgarishlar prezidentlik muddatini 6 yilga uzaytirgan, amaldagi prezidentning ikkinchi marta o‘z nomzodini qo‘yishiga bo‘lgan taqiqni bekor qilgan va (aksari Chaves tarafdorlari bo‘lgan) saylash huquqini bergan va prezident qudratini tiyib turish bilan shug‘ullangan Senatni butunlay bekor qilgan edi.

Chaves parlamentni o‘z nazoratiga olganidan so‘ng qudratidan Oliy sud vakillarini 20 nafardan 32 nafarga oshirish va yangi o‘rinlarni o‘ziga sodiq bo‘lgan shaxslar bilan to‘ldirish uchun foydalandi. Oliy sudning 2006 yilgi sessiyasi ochilishida sudlar “o‘z rahnamolarining sevimli qo‘shig‘i: O Chaves no se va (“O Chaves ketmaydi”) nomli hayqiriqni xirgoyi qilishgan edi. Chavesning odamlari Venesuelaning eng daromadli shirkati – davlatning neft va tabiiy gaz kompaniyasini o‘z nazoratiga oldilar. Chaves neft va tabiiy gaz kompaniyasining daromadlari yordamida siyosiy rejalashtirilgan homiylik yo‘li bilan kambag‘allikni qisqartirish dasturlarini moliyalashtirar edi. 2006 yilga kelib Milliy saylov qo‘mitasining besh nafar a’zosidan to‘rt nafari, bosh prokuror va nazoratchi lavozimlarining barchasini “Chaveschilar” egallashgan edi. Tanqidchilarni ovozini o‘chirish maqsadida Kongress hukumat mulozimlariga “hurmatsizlik” ko‘rsatganlik uchun qamoq jazosi tayinlanishiga asos bo‘luvchi qonun ishlab chiqiladi. Ayni qonun “jamoat tartibini buzishga chaqiruvchi va targ‘ib qiluvchi yoki milliy xavfsizlikka raxna soluvchi media nashrlar faoliyatiga chek qo‘yilishiga ham imkon yaratgan edi.

"Manipulyativ diktatorlar: 21 asrda Tiraniyaning o'zgaruvchan qiyofasi" kitobidan

@Hamid_Sodiq