Get Mystery Box with random crypto!

Iqtisodiyotni silkitib uni 'ochib tashlash'ga yana bir imkoniy | Moliyaviy savodxonlik | Financial literacy

Iqtisodiyotni silkitib uni "ochib tashlash"ga yana bir imkoniyat. Bugun bo’lmasa yana qachon?

Urush paytida umumiy optimizm kamroq bo’ladi. Boshqa yerda urush bo’layotganda ijobiy narsalar haqida gapirish qiyin, noo’rin va g’alati. Lekin, menda hozir O’zbekiston iqtisodiyoti uchun katta optimizm bor, avvalgidan ko'proq. Menimcha, aynan hozir O’zbekiston iqtisodiyoti va rivojlanishi uchun juda yaxshi imkoniyatlar yaratilgan payt. Aynan tashqaridan yaratilgan imkoniyatlar, ya’ni, biz sabab bo’lmagan imkoniyatlar. U imkoniyatlardan foydalanimizmi yo’qmi bu bizga bog’liq.
Gap shundaki, o’sha urush, sanksiyalar, yopilayotgan bozorlar natijasida bizda “kutilmagan” vaziyat paydo bo’lmoqda. Rossiya, Belarus, Ukraina tarafdan nafaqat yuqori inson kapitali hozir chiqib ketib o’ziga manzil izlayapti, balki kelajakda kelishi mumkin bo’lgan xorijiy inson kapitali uchun bu mamlakatlar yaqin yilllarda jozibali bo’lmaydi, ayniqsa Rossiya. Rossiyadagi xorijiy va mahalliy moliyaviy kapital va kelajakda u yerga kelishi mumkin bo’lgan boshqa potensial kapitalist ham o’ziga hozir boshqa manzil qidiradi. 

Masalan, bugungi kunning eng zo’r yangiliklaridan biri bu O‘zbekiston majburiy mehnatga nihoyat barham berishga muvaffaq bo’lgani haqida The Economist maqolasi. Bu biz uchun katta muvaffaqiyat. Aynan shu kunlarda ko’ryapmizki o’zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan korxonalar Rossiya bozoridan chiqib ketishmoqda. Masalan, bugun Ingitex - hamyonbop kiyim chiqaruuvchi dunyodagi eng yetakchi korxonalardan biri shuni e’lon qildi. Faraz qilish qiyin emas, chiqib ketayotgan korxonalar o’zlariga yangi ishlab chiqarish, sotish uchun muqobil bozorlarni qidiradilar. Bunday misollar ko’p: Ukrainadagi urushdan qochayotgan shartli kenyalik talaba va Rossiyadagi temir parda va repressiya tufayli endi umuman kelmaydigan shartli hindistonlik talaba o’ziga yangi manzil qidiradi. Bizning ta’lim tizimimiz ularga jozibali yo’qmi bu boshqa masala (yillar davomida o’zgarmagan masala). Boshqa misollardan yana biri bu biz regional va tranzit avia markazga aylanishimiz mumkin (edi?).

Bu hammasidan kim yutadi? Ekspatlarmi? Regional ishlab chiqarishni/sotishni O’zbekistonga “ko’chirishi” mumkin bo’lgan shartli Paypal, Zara, BMW korxonalarimi, kenyalik yoki hindistonlik talabami, kelayotgan belorus IT mutaxassismi? Ha, shu jumladan ular ham, lekin eng katta yutuq o’zbekistonliklarga bo’ladi. Islohotlarimiz ham tezlashib qoladi, iqtisodiyotimiz ochiladi, daromadlar oshadi, hayot sifati yaxshilanadi. Hozirda katta “yuk” bo’lib yotgan korxonalar yoki yo’q bo’lib ketadi, yoki yangi reallik-raqobatga moslashib ishlashni boshlaydi... Rossiyadan qaytadigan vatandoshlarimiz uchun muhim bo’lgan yangi ish joylari ham aynan shu jarayonda yaratiladi. Haftasiga 2tadan vazirlik ochib, yordamchining yordamchisi degan lavozim, 50 shtat tuzish orqali ishsizlikni hal qilib bo’lmaydi. Ishchi o’rinlarini yaratish uchun iqtisodiy faolligni rag'batlantirish, xususiy sektor ishlashi uchun muhit qilib berilsa bas, gosapparatni kengaytirmasdan. Iqtisodiy jozibali muhit, qonun ustuvorligi mutlaq ta’minlangan,mulki himoya qilingan, iqtisodiy-huquqiy o’zgarishlar stabilligi bor joyda iqtisodiy faollik bo'ladi. Ekspatlar ham o’zimizning aholi hohlaydigan oddiy sharoitni hohlaydi: million marotaba aytilgan daraxtlar, parklar’, sifatli maktab, tibbiyot, ijtimoiy xavfsizlik, svet, gaz, tez internet….

Xullas, iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlik amaliyotdan voz kechishni tezlatib, institutsional islohotlarni amalga oshirish (masalan sud, kontraktlarni erkin tuzish va uni ijro etilishi, ishlab chiqarish va mulkga egalik huquqi, kuchi cheklangan hukumat), iqtisodiyotni butunlay “ochib" tashlab, ballast va renta oluvchi sohalar/korxonalar/guruhlardan voz kechib islohotlarni yanada tezlashtirish uchun bundanda yaxshiroq rag’bat va payt bo’lmasa kerak.

Optimizm bor. 

P.S. Tasodif bilan Behzod bilan aynan shu haqda bir-ikki soniyada yozibmiz. Podkastimizda batafsil gaplashgan edik.

@uzbekonomics