Get Mystery Box with random crypto!

Kimlargadir xush keldim, kimlargadir yoqmadim. O'z farzandlik | 🇺🇿 Elyor NAZAROV She'rlari ✍️

Kimlargadir xush keldim, kimlargadir yoqmadim.
O'z farzandlik burchimni men qanchalar oqladim?
Ishonib ko'p pand yedim, bu hayot yo'llarida,
Onajonim mehrini boshqalardan topmadim.

Mol dunyoga hirs qo'ydim, boshimga kulfat bo'ldi,
Malomatning toshidan kunduzim zulmat bo'ldi,
O'zgalarning sevgisi, har doim minnat bo'ldi,
Onajonim mehrini boshqalardan topmadim.

Oh, bunchalar ko'p ekan yomonlarning jafosi,
Dushmanimdan xavfliroq, do'stlarning yo'q vafosi,
Meni asrab kelmoqda Onamning hur duosi,
Onajonim mehrini boshqalardan topmadim.

Nahot egri yo'llarda, dilga zulm etyapman?
Axir, baxtim yonimda men qaylarga ketyapman?
Endi har nafasimda qadrin anglab yetyapman,
Onajonim mehrini boshqalardan topmadim.

Onajon bor ekansiz, ko'rmayman sira armon,
Bo'ling deyman ilohim, dunyo turguncha omon,
Jannatim toza iymon, dard kelganda soyabon,
Onajonim mehrini boshqalardan topmadim.

Elyor NAZAROV

T.me/Elyor_NAZAROV_sherlari