Get Mystery Box with random crypto!

Taʼlimdagi korrupsiya (2/2) Umuman, korrupsiya, ayniqsa, taʼl | Economix

Taʼlimdagi korrupsiya (2/2)

Umuman, korrupsiya, ayniqsa, taʼlimdagi korrupsiya bu millatni, davlatni kelajagiga xiyonat bilan teng.

Taʼlimni korrupsiyadan tozalash uchun, birinchi navbatda, sifatli taʼlim qamrovini kengaytirish, hammaga bir xil “dostup”ni taʼminlash, taʼlim xizmatlarini koʻrsatish infratuzilmasi va sifati oʻrtasida hududiy va boshqa turdagi tafovutlarni keskin kamaytirish, yoʻqotish kerak. Shunda balki ota-onalar burnini tagidagi maktabda sinfga yetarli bola yigʻilmaganiga qaramasdan, nechidir kilometrdagi maktabdagi sinfga bolasini qirqinchi-elliginchi qilib qabul qilinglar, deb sargʻayib yurmasmidi.

Taʼlimda kadrlar salohiyatini jiddiy oshirish, attestatsiya va malaka oshirish jarayonlarining talab darajasida va shaffofligini taʼminlash kerak. Bundan tashqari, oʻqituvchiga xizmat vazifasiga kirmaydigan ortiqcha yuklamalarni kamaytirish kerak. Oʻqituvchining salohiyati yuqori boʻlsa, oʻz ustida muntazam ishlasa, yaxshi taʼlim beradi; oʻquvchi bogʻchadan boshlab toʻgʻri yoʻnaltirilsa va keyingi bosqichlardayam yaxshi oʻqituvchilardan saboq olsa, universitetda 3 ham ololmaydigan darajada boʻlmaydi, menimcha. Ana shunda, yaxshi kadr boʻlmagani uchun pul berib ishga kirish, yoki yaxshi oʻzlashtirolmagani uchun pul berib baho olish nisbatan kamayishi mumkindir, ehtimol.

Odamlarda taʼlimga boʻlgan munosabatni, yondashuvni oʻzgartirish kerak. Diplom birlamchi emas, bilim birlamchi ekanini tushunib yetishi kerak. (Bu, qachonki, ikkita-uchta diplomli falonchi migrant yoki kirakash boʻlib yurmasa, oʻshanda oʻzgarar. Ana shuning uchun taʼlim sifatli boʻlishi kerak, uni yaratgan kadrlari bozorda talash boʻladigan darajada.) Ilmning, ilmlilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish kerak. Aslida, jamiyatdagi har qanday toqat qilib boʻlmas illatlar zamirida ilmsizlik yotadi.

Tizimni raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish ham foyda berishi mumkin, lekin u platformaniyam kimningdir foydasiga ishlamasligiga hech kim kafolat bermaydi. Chunki platformaniyam oxir-oqibat kimdir boshqarishi kerak.

Umuman, ana shu korrupsiyaning ildiziga kuch berib turgan omillar bilan kurashish kerak, deb oʻylayman.

IMHO

@economix4all