Get Mystery Box with random crypto!

​​Yaxshi yashayotgan odam uzoqroq yashagisi keladi Iqlim o‘zg | Economix

​​Yaxshi yashayotgan odam uzoqroq yashagisi keladi

Iqlim o‘zgarishi muammolari kun sayin insoniyat qarshisida (ehtimol) bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lmoqda. Insoniyat farovonligi uchun qurbon qilingan tabiat ayovsiz qasd olishga bel bog‘lagandek go‘yo.

Yerda tiriklikning ta’minlanishida issiqxona gazlari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ular Quyoshdan ajralgan yorug‘lik energiyasining issiqlikka aylanishi va Yerdagi harorat bir maromda saqlanib turishiga xizmat qiladi. Ya’ni issiqlikni o‘zida saqlash xususiyati sabab issiqxona gazlari uning koinotga tarqalib ketishi va Yer muzlab qolishining oldini oladi. Bunda eng asosiy rolni karbonat angidrid gazi o‘ynaydi. Inson omili natijasida atmosferaga ajratiladigan karbonat angidrid gazi miqdorining uzluksiz ortib borishi uning kontsentratsiyasi keskin oshishiga, natijada ko‘proq issiqlik ushlab qolinib, Yerda o‘rtacha haroratning ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.

2020-yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 1751-yildan beri insoniyat tomonidan atmosferaga ajratilgan karbonat angidrid gazlari umumiy hajmi 1,5 trillion tonnadan oshadi. Shundan 25% birgina AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi - 400 milliard tonna. Keyingi o‘rinda Xitoy - 12,7%. Yevropa Ittifoqining - 28 ta davlatning birgalikdagi - hissasi 22% ga teng.

1800-yillargacha karbonat angidrid gazi ajratishda mutlaq yetakchi dunyodagi ilk sanoatlashgan davlat - Qo‘shma Qirollik edi. Keyingi yuz yillikda jarayonga AQSH hamda Yevropa qo‘shilgan. 1950-yildan ular karbonat angidrid ajratish darajasini pasaytirishga muvaffaq bo‘lishgan, biroq endi estafetani Xitoy, Hindiston, Braziliya kabi rivojlanish yo‘lidagi davlatlar ilib ketgan.

Taassufki, taraqqiy etishni istagan har bir davlat global isishga "o‘z hissasini qo‘shishga" majbur. Sababi, karbonat angidridning ko‘p miqdorda ajratilishi asosan an’anaviy yoqilg‘ilar va sanoatdagi eskirgan texnologiyalar mahsuli bo‘lib, kamroq muammo yaratadigan, nisbatan xavfsiz bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish endigina rivojlanayotgan davlatlar uchun qimmatlik qiladi.

Universitetda bir domlamiz rivojlanish yo‘lida havoni zaharlashga "ulkan hissa" qo‘shib, endi tabiatni muhofaza qilish haqida bong urayotganlar haqida shunday degan edilar: "Odam yaxshi yashagani sari uzoqroq yashagisi kelib qoladi". Aynan shunday. Ramziy ma’noda aytilsa, kimdir qayerdadir konditsionerli xonada o‘tirishi uchun, boshqa kimdir qayerdadir issiqda jizg‘anak bo‘lib, qora ter to‘kishga mahkum.

Surat: ourworldindata.org