Get Mystery Box with random crypto!

Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon! Amerika yo Yevropada y | Elektron kutubxona

Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon!

Amerika yo Yevropada yahudiylardan birortasi harakat qilib bir restoran ochsa, o‘sha shahar va yaqin atrofdagi barcha yahudiylar iloji boricha faqat shuning restoranida ovqatlanib, yana do‘stlari- tanishlarini ham shu restoranga sudrab olib kelib, xullas, mijozlar topib, yangi biznes boshlagan millatdoshining oyoqqa turib olishiga yordam berarkan.
Agar o‘zbek bir restoran ochsa, yetti mahallasi, eng uzoq qarindoshi va 20 yil oldin bir maktabda o‘qigan maktabdoshi ham "qani, mendan pul olarmikan" deb turadi, negadir.
Xuddi shu kabi, agar birov qiynalib, qarz- havola qilib uy yoki mashina sotib olsa, yaqinu uzoq tanishlari "qachon yuvasan?" deb yetib keladi.
Madinada mashinasiz yashab bo‘lmaydi - bu yerda metro, avtovus kabi jamoat transportlari yo‘q, arzon bo‘lsayam mashina olvolmasa, odam juda qiynaladi. Kuni kecha bir qozog‘istonlik ukamiz mashina olgan ekan, shu yuvish haqidagi ahmoqona gap chiqqandi, sizlar buning uyiga bir oy ovqat chiqarib turinglar endi, bechora hamma pulini sarflab yubordi mashinaga, ahvoli yomon, desam, gapimga hayron bo‘lishdi.
Nega biz shundaymiz? Nega "o‘ligimizni" birovga tashlab, boshqalardan talab qilib, birovlarni qurbon qilish yashaymiz.
Men asli buni yozayotganim sabablaridan biri, ijtimoiy tarmoqlarda imomlar haqni gapirmaydi, jurnalistlar haqni gapirmaydi, ahli ilmlar haqni gapirmaydi, degan ayblovlarni ko‘p eshitamiz.
O‘ylab ko‘rmaysanmi, ey nodon, agar u gapirsa, ishdan olinadi, o‘rniga bir vijdonsiz kelsa, ahvol badtar bo‘ladi. Haq degani faqat muammoli mavzular, ro‘molu bolalarning masjidga kirishi kabilardan iborat emas-ku, ahmoq! Gapira olganini gapirsin, haqning boshqa muhimroq va bular gapira oladigan qismi ham kam emas-ku!
Gapira olmaydiganingiz, gapirsangiz sizga zarar yetadiganini gapirmang, mana biz gapiramiz, deyishimiz kerakmasmidi?! Axir bir imomga bo‘ladigan bosim va nazorat shu ijtimoiy tarmoqni "gullatayotgan" bu shovvozlarga, xususan, nomi noma’lum profil egalariga bo‘layotgan bosim bilan bir xil emas, nahotki shuni o‘ylamasak?!!
Nega endi har bir vijdonli kishini qurbon qilib, ta’ziyasida o‘tirishni yaxshi ko‘ramiz? Nega endi biz o‘sha imomlarga hurriyatni ta’minlab bermadik, biz adolatli jamiyat qurib berolmadik, deb o‘zimizni ayblamaymiz?! Axir siyosiy muammolarning siyosiy yechimlari bu imomlarning qo‘lida emas-ku! Nega o‘zimiz xalq bo‘lib chiqib, shu muammolarni hal qilmayapmiz shunchalik haqiqatparvar ekanmiz?!
Yillab o‘qib, ilm olgan imom xalqiga tavhidni, islom ruknlarini, namoz, ro‘za, zakot, haj, ota-onaga yaxshilik qilish, shirk va gunohi kabiralardan uzoq bo‘lish kabi Jannat va Jahannamdan biriga olib kiruvchi eng muhim masalalarni yetkazish o‘rniga, biz- xalqning, olomonning, jamiyatning sustligi, siyosiy nofaolligi sabab paydo bo‘lgan hijob kabi muammoli ishni gapirib, ishdan haydalsa, SHU XALQQA FOYDALIROQMI?
Hayvonlar ham bir-biriga yordam beradilar, kofirlar ham bir-biriga yordam beradilar.
Ey musulmonlar, endi har bir ishni bir-birimizdan talab qilishni bas qilaylik. O‘zimiz bajaraylik! Biror solih kishi davlat ishida yoki biror mas’uliyatli ishda ishlashini bilsak, og‘ir ish bilan uning belini sindirishga emas, unga yordam berib, yanayam o‘stirishga harakat qilaylik.
Uzoqni o‘ylaydigan, uzoqni ko‘ra oladigan bo‘laylik!
Shu o‘rinda, Erkin Vohidovning "Ruhlar isyoni" dostonidagi bir bayt esimga tushib ketdi:

Shoir bo‘lsang,
Bo‘lsin qalbing
Elga qurbon bo‘lgudek.
Shoir bo‘lsang,
Bo‘lsin xalqing
Senga qalqon bo‘lgudek!


So‘zim oxirida aytadiganim, imomlar gapirmaydi deb malomat qilib yuradiganlar, qani endi gapirib ishidan haydalganlarni bir ziyorat qilib qo‘yinglar. O‘ylab ko‘ringlar, ishlab turgani yaxshimidi yo endi mehrobda boshqasi turgani chindan ham o‘sha masjid ahli uchun foydaliroqmi?
Alloh bizlarga hikmat bersin! Olomon emas, xalq bo‘lmog‘imizni nasib etsin! Birodarlarimizga suyanch bo‘ladiganlardan qilsin, malomatchilardan emas!

23.07.2018y

- Mahmud Usmon

@e_kutubxona