Get Mystery Box with random crypto!

#Najot_yoʻli AHVOLIMIZ BAYONIDA Hayotning (yakkama-yakka) | Elektron kutubxona

#Najot_yoʻli

AHVOLIMIZ BAYONIDA

Hayotning (yakkama-yakka) kurash maydonida va jahon xalqlari orasida islom olamining farsax-farsax orqada qolganligini bayon qilishga ehtiyoj yo’qdir. Biz turkistonlilar esa boshqa islomiy jamiyatlarga nisbatan dunyoi jahon parishonlikka tushib, yo’limizdan adashganmiz. Ajabo, bu parishonlikning sababi nedir?
Turkistonlilarning aksariyati bu savolga javob berishda ikki toifaga bo’linadilar! Millat va vatanlari uchun qayg’urgan bir toifa bu parishonlikni ilmsizlik va tanballik oqibati deb biladi. Haqiqatan ham, tushkunlik va xarobligimizning sabablaridan biri ilmsizlik va harakatsizlikdir. Lekin bularning ham asl sababi, ana o’sha tushkunligimizning asosiy sababidir. Ajabo, bu sabab nima ekan?
Bu masala xususida ikkinchi toifa turkistonlilarning nuqtai nazarini bahs mavzuiga kiritsak, ularning nima deyishlari ma’lum bo’ladi. Orqada qolganligimiz xususida bu tomonning asosiy qismi quyidagi fikrlarni keltiradilar:
Parishonligimiz va tushkunligimizga sabab yo’q, bu ilohiy xohishdir.
Xudo bu dunyoni kofirlar uchun jannat, mo‘minlar uchun do’zax qilib yaratgandir.
Qiyomat yaqindir, musulmonlar bu dunyoda asta-sekin kamayib bormoqdalar.
Hazrat Payg’ambarimiz «kulli yavmin badtar» deb aytganlaridek, musulmonlarning kuni kundan battar bo’lib bormoqda.
Ma’lumki, bu mulohazalar bilkul puch va botildir. Unga javob berish u yoqda tursin, balki ularni eshitmoqlik o’zi to’g’ri emas. Banda ham ma’lum muddat xalq va millatning xarobligi sabablarini izlab topish uchun har tarafga yugurib, ko’p kishini so’roqqa tutdim, ammo hech kimdan qoniqarli javob ola bilmadim. Oqibat, biz turkistonlilarning musulmonligimiz va muqaddas Kitobga ega ekanligimiz va shu Kitobni yagona rahnamoyimiz deb tasdiqdashimiz xotiramga keldi. Endi shu muazzam va mukarram dasturulamal bo’lmish Kitobga tavajjuh qilishdan boshqa chora qolmadi. Bu xususda U (Qur’oni karim) bizga rahnamolik qiladimi-yo’qmi deb, kamoli qalb va vujudi bebizoat ila Qur’oni azim mutolaasiga mashg’ul bo’ldim va matlabimga erishdim. Qur’oni karim avval mening savolimga shu tariqa javob berdi: «Albatta, ne’mat berilgan qavm o’zlarini o’zgartirmagunlaricha Alloh ularning holini o’zgartirmas».

Insof yuzasidan islom olamiga diqqat bilan qarasak: oz sonli arab qabilalari Rasuli alayhissalom hidoyati bilan sharaf topguvchi islom diniga kirib, 23 yil mobaynida, ya’ni Hazrati nabiy zamonlaridan to hazrati Umar vafotlarigacha bo’lgan muddatda dunyoning ikki yirik davlati bo’lgan Eronu Rumni mag’lub qildilar. Shundan bani Umayya xalifaligi asrigacha islom saltanatining hududlari Chin (Xitoy)dan Hindgacha, Misrdan Andalusiyagacha cho’zildi. Ummaviy va abbosiy xalifalari Bag’dodu Andalusiyada ajoyib madrasayu fayzlik maktablar ochdilar. O’z zamonasining olim va fan arboblarini dinu mazhabiga qaramay bir joyda jamladilar. Qisqa vaqt orasida bu ikki ulug’ islom poytaxtlari dunyodagi ilm va ma’rifat markaziga aylandi. Nafaqat turkistonli musulmonlar, balki farangistonli nasroniylar ham ilm tahsili va bilim olib yashash uchun Bag’dodu Andalusiyaga kela boshladilar.
Ajabo, shuncha buyuklik (ne holda?). Shuncha azimat va ulug’lik qaerga yo’qoldi? Nechun ahli islomning dunyoi jahon donishi ilmlarining sharofati shu qadar baxtsizlik va jaholatga duchor bo’ldi?!
Hozir umumiy islom olamining ahvolidan o’tib, o’zimizning (shu kungi) holimizni tadqiq qilsak. Bir vaqtlar mamlakatimiz madaniyat quyoshining mabdai, ma’rifat daryosining manbai sifatida tanilgan edi. Forobiylar, Buxoriylar, Abu Ali ibn Sinolar, Ulug’beklar mamlakatimizni jahon sahnasiga chiqargan edilar. Bizning mamlakatimiz minglab mashhur olimlarni chor-atrofga yetkazib berib, qo’shnilarining ham sharafini ovoza qilib, dunyoga taratgan edi. Sanoatimiz shu darajada edi-ki, xalifalar shuncha azimat va shavkatli bo’lishlariga qaramay, libos, kiyim-kechaklarini bizning mamlakatimizdan olib ketardilar.