Get Mystery Box with random crypto!

Sizga O’zbekistonda g’arbni yomon qilib ko’rsatishga harakat q | Bek Olimjon

Sizga O’zbekistonda g’arbni yomon qilib ko’rsatishga harakat qilishadi. Bu avvaldan shunday. Fahshga botgan g’arb degan tasavvur paydo qilishga harakat qilishadi. G’arb davlatlari, xalqlari, madaniyati, qadriyatlari haqida salbiy fikrlarni aytishadi. Ular bizning qadriyatlarga qanchalik qarshi ekanligi haqida gapirishadi. Ularni yo’ldan adashgan deyishadi. Qadriyatlarini yo’qotgan deyishadi. Achinarlisi bu fikrlarni bizning jamiyatda hurmati bor insonlar aytishadi.

Undan ham achinarlisi shuki, u insonlarda g’arb borasida tajriba deyarli yo’q. Ular yo’ldan adashgan, qadriyatsiz deb yomon otliq qilayotgan xalqlar bilan bitta mahallada yashab ko’rishmagan. Yaqindan tanishishga harakat qilishmagan. Ularning qadriyatlari negizi nima ekanligini o’rganishga harakat qilishmagan. Oson va qiyin kunlarini birga boshdan kechirishmagan. Uzog’i bilan g’arbga turist sifatida qisqa muddatga sayohat qilishgan xolos. Mediaga ishonib xulosa qilishga harakat qilishadi.

Men g’arbda 10 yilga yaqin umrini o’tkazgan inson sifatida aytaman. O’zbek millati uchun qadrli bo’lgan narsalarni bu yerda ham qadrlashadi. Biz qilishimiz kerak bo’lgan ayrim vazifalarni esa bizdanda ustunroq bajarishadi.

Men biror xalq yoki millatni butunlay yaxshi yoki yomon deya olmayman. Har qanday joyda yaxshi va yomon insonlar mavjud. Shukurki har qanday jamiyatning asosiy qismini yaxshi insonlar tashkil etadi.

Bizning jamiyatni biror xalq haqida salbiy fikr bildirishdan ko’ra, o’zini isloh qilishga ehtiyoji kattaroq. Ilmga esa ehtiyojimiz juda katta.

Sizga ayrim xalqlar yoki millatlar haqida gapirishsa bunday odamlarga doim shubha bilan qarang. O’sha xalq va millatlar yashaydigan joyga boring, siz ham yashab ko’ring, hayotiy tajriba orttiring, musofir bo’ling va xulosa qiling. Eng muhimi propagandaga ergashishdan ehtiyot bo’ling.

Bek Olimjon
18.07.22 Oslo, Norvegiya