Get Mystery Box with random crypto!

O'lim xati ...Mana ertaga omonatni topshiradigan bo'lib turib | Drabblar (Qisqa hikoyalar)✍️

O'lim xati

...Mana ertaga omonatni topshiradigan bo'lib turibmiz. Shuncha yil o'tib ketibdi, bilmay qolasan ekan kishi. Umr deganlari oqar daryo ekan. Ishonging kelmaydi! Yana 24 soat va tamom! Shuncha yil o'lmaydiganlarday yashabmiza, qiziq, juda qiziq! Inson vafoti oldidan nimalar haqida o'ylarkan deb qiziqardim, mana, mana hozir o'zim shu holatda turibman. Nimalar haqida o'ylayapman-mi !? Ko'o'p narsalar haqida. Masalan :
- Umrning qanchalar qisqaligi va tez uchib ketishi haqida
- Hayotning qanchalar aldamchi ekani, unga berilib ketgan kishi oxir oqibat arosatda qolishi muqarrar ekani haqida
- Hayotdan ma'no izlagan kishi oxir oqibat faqat izlash bilan bo'lib uni yashamay o'tib ketishi haqida
- Mol-dunyo, hashamat, boylik, hamma hammasi o'tkinchiligi haqida
-Ish, ro'zg'or tashvishlari deb, aslida bularni kim uchun nima uchun qilayotganimni unutib qo'yganim haqida
- Ota-Onam borligida e'zozlab, hurmatini joyiga qo'yolmaganim, arzimagan narsalarni deb ulardan xafa bo'lganlarim yoki xafa qilganlarim haqida
- Hayotga berilib ketib, aslida men uchun aziz bo'lgan insolarimni qadrlamaganim, yetarlicha mehr va e'tibor bera olmaganim haqida
- Hayotda qo'rqoqlarcha yashaganim, o'zim xohlagan narsalar uchun jon-jahdim bilan kurashmaganim, odamlarning men haqdagi fikrlarini o'ylab behuda xavotirlanganim haqida
- O'zim uchun kurasholmaganim, o'zim xohlagan gapni aytmolmaganim, o'zim xohlagan narsani so'rolmaganim haqida
-Va oxirda bularning hammasi o'lim oldida hech narsa emasligi haqida

Ha, ko'o'p narsalar haqida. Ammo endi kech, afuslanish befoyda. Agar imkonim bo'lganda 20 yoshli o'zimga shunday degan bo'lardim:

-Hey, yigit, tur o'rningdan! Hech nima haqida o'ylama, maqsadlaring uchun kurash, hayotdan ma'no izlama, faqatgina yasha, mardlarcha!
- Umrning qisqaligi, daryoday oqib ketishini unutma!
- Hayotning past-u balandini o'ylab kuyunma! Quvonch kelsa ham, qayg'u kelsa ham birdek qabul qil, zero ikkisi ham o'tkinchi!
- Yaqin insonlaring, ota-onang, aka-ukang, yor-u do'sting uchun qo'lingdan kelganini qil, borligida qadriga yet, ardoqla!
-Odamlarning fikri, jamiyat "Standartlari" haqida boshingni qotirmay qo'ya qol, chunki ular har doim o'zgaradi!
- Hayotdan nolinib o'tirmay, o'zingni qo'lga ol! Kuchli bo'lish istasang hayoting uchun to'liq javobgar bo'l va zinxor o'zingni "hayotning qurboni" dek tuta ko'rma!
-Doimiy yaxshilik qil, oilang uchun, jamiyating uchun, yurting uchun! Yiqilganni turg'iz, baxtsizning ko'nglini ko'tar, umidsizga umid ber!
-O'limning achchiq lekin qudratli haqiqatini tan ol! Qadriyatlaringni belgilaganda va qaror qabul qilganingda bu achchiq haqiqatni yodingda tut!

Og'abek Ro'zmetov

t.me/drabblar