Get Mystery Box with random crypto!

To'g'ri tanlov ...7-mart, 11-maktabda bayram har yilgidan-da | Drabblar (Qisqa hikoyalar)✍️

To'g'ri tanlov

...7-mart, 11-maktabda bayram har yilgidan-da chiroyliroqday. Hamma qizlar eng chiroyli kiyimlarini kiyib olgan, o'zlarining eng chiroyli ko'rinishida, hammasining ko'zida tabassum va quvonch tuyg'ulari aks etgan. Bu kun yosh yigitchalarga dil izhori qilish uchun yaxshi imkoniyat va mana ulardan biri, maktabning eng kelishgan va bilimdon o'quvchilaridan bo'lmish Zafarbek, qo'lida chiroyli guldasta, egnida kostyum va yuzida tabassum bilan maktab tomon oshiqmoqda. Undan sevgi izhor kutayotgan qizlar ham yetarlicha. Ulardan ikkitasi, ich-ichida har xil o'y-xayollar, aralash-hatto o'zlari ham anglashga ulgurmagan tuyg'ularga to'lib yonma-yon turishardi.

Mahliyo - maktabning eng chiroyli qizlaridan, ko'pchilik yigitlar uni deb har nega tayyor. Ayniqsa, maktabga har kun har xil kiyim va soch turmagida kelishi, noz qilib gapirishi bilan ko'pchilikni rom etgan. Qizlar ham uning dugonasi bo'lishni xohlashadi, har yil tug'ilgan kunida dadasi shahar markazida zo'r qilib ziyofat uyishtirib beradi va bunday zo'r ziyofatga faqat uning yaqin dugonalarigina taklif qilinadi. Ammo qizning bu go'zalligi uni ko'zini ko'r qilib qo'yganday, o'zini boshqalardan bir pog'ona ustun ko'rishi shundoqqina sezilib turadi, qo'rs, qo'pol va ba'zan beodob ham. Ko'pchilik yigit va qizlarning ko'nglini o'zining achchiq gaplari bilan yaralagan. Unda ayollarga xos nimadir yetishmasdi...!? " U bugun aniq aytadi, hamma biladi unga faqat men mosman, maktabning eng chiroyli, eng go'zal qizi " - o'yladi u ichida.

Maftuna - maktabning a'lochi o'quvchilaridan. Darslarga hamisha tayyorlanib keladi, uni deyarli hech kim yomon ko'rmaydi chunki uni hech bir qiz " raqib" sifatida qabul qilmaydi, hech kim bilan san-manga bormagan, hatto ovozini ko'tarib gapirmagan. Uning bittagina dugonasi bor, u ham maktabga birga qatnaydigan qo'shnisi. Tabiatan uyatchanroq, pardoz andozga unchalik ham qiziqmaydigan kichkina qizaloq. Bu musobaqada u aniq favoritlardan emas, rostda, Mahliyoday qizlar turganda unga kim qo'yibdi. Ammo Maftunada ayollarga xos bir narsa bor edi...!? " ...Bilaman, u Mahliyoni sevadi, u mendan chiroyliroq va kelishganroq, sochlari ham uzun, kiyimlari ham juda chiroyli. Ular bir-biriga juda mos! " - deb o'ylagan edi, ko'nglida bir narsa qars etib singanday bo'ldi.

Zafarbek qizlarga yaqinlashdi, Mahliyoning ko'zlari uning ko'zlariga boqib yonib turardi. Va nihoyat o'sha onlar yetib keldi :
- Bayraming bilan, bu gullar senga, Maftuna.


Ogabek Rozmetov

@drabblar