Get Mystery Box with random crypto!

Avstraliya haqida Shu kunlarda Avstraliyadagi xalqaro talabal | Isroil Tillaboyev blogi

Avstraliya haqida

Shu kunlarda Avstraliyadagi xalqaro talabalar statistikasiga ko’zim tushdi. Unga ko’ra mamlakatda 448 274 nafar xorijiy talabalar bor ekan (2023 yanvar holatiga). Ushbu ko’rsatkich bo’yicha Avstraliya dunyoda top-5 ga kiradi (AQSH, Britaniya, Kanada, Xitoydan keyin).

So’nggi statistikada mamlakatlar bo’yicha ham ro’yhat keltirilgan. Unga ko’ra O’zbekistondan 73 tagina talaba bor ekan. Ularning asosiy qismi Sidney joylashgan NSW viloyatida tahsil olmoqda.

QS reytingiga ko’ra 38 ta universitet 1000 talik ro’yhatidan, 7 tasi esa top-100 dan joy olgan. Birinchi raqamli universitet – Avstraliya milliy universititeti bo’lib, poytaxt Kanberrada joylashgan.

Rivojlangan mamlakat ekanligi hamda shunday yaxshi universitetlar ko’pligiga qaramay bizni talabalar kam borishiga quyidagi sabablar bor deb o’ylayman:
- Mamlakat haqidagi cheklangan tasavvur
- Viza masalasi
- Narxlar

Nisbatan bizdan uzoq ekanligi, siyosiy-iqtisodiy aloqalarning deyarli mavjud emasligi, hamda shu kungacha bizdan ketganlar uncha ko’p bo’lmaganligi (tanishlarimiz orasida u yerda bo’lganlar deyarli yo’qligi), O’zbekistondagilarda bu mamlakat haqida aniq tasavvur uyg’otmaydi. Hammamiz yaxshi joy ekanligini bilamiz, lekin sarobday tuyuladi.

Shuningdek, bizda elchixonasi yo’qligi hamda viza olishning oson emasligi ham muammoga o’z hissasini qo’shadi. Ortiqcha xarajat qilib Moskvaga borsangiz-u, viza ola olmasangiz, undan ko’ra bor imkoniyatni Amerika yoki Koreyaga ketishga sarf qilaman deysizda. Masalan, Kanada ham aslida Avstraliyaday sarob joy bo’lishi mumkin edi. Lekin u yerdagi vatandoshlarimizning internetda aktivligi, viza bo’yicha maslahatchilarimizning faoliyati, va Amerikaga chegaradosh ekanligi Kanada haqida ko’proq qiziqish uyg’otadi deb o’ylayman (sovuq joy bo’lsa ham).

Avstraliyada xorijiy talabalar uchun kontrakt narxlari boshqa davlatlarga qaraganda biroz qimmatroq. Tahminan 13 000 $ dan boshlab yuqorisi. Lekin chegirmalar va stipendiyalar ham chiqib turadi.

Shu yilning boshida konferensiya bahonasida 5 kun Sidneyda bo’ldim. Yuqoridagilardan kelib chiqib ba’zi taassurotlarimni bo’lishsam.

Borish
Konferensiyaga taklifnoma orqali borganim uchun viza bo’yicha muammo bo’lmadi. Barcha hujjatlarni onlayn toshirdim. Keyinroq biometrik ma’lumotlar uchun viza markaziga borib keldim. Umumiy 140$ atrofida sarflandi.
Lekin Sidneyga borib talabalardan eshitdimki, O’zbekistondan talaba vizasiga topshirganlarning hammasiga ham viza berilavermas ekan. Yaqinda IELTSdan 8 bali bor yigitga rad etishibdi.
Men gaplashgan 4 ta bolaning hammasi har xil boshqa davlatlardan borishgan ekan. Masalan, avval Dubay yoki Singapurga o’qishga/ishga ketishgan. Keyin u yerdan Avstraliyaga harakat qilishgan. Vizada muammo bo’lmagan.

O’qish
Avstraliyada biznikilar universitetdan tashqari kollej va til kurslarida ham o’qishlari mumkin ekan. Sababi ularda narxlar arzon, o’qish kam. Yuqoridagi bolalardan ba’zilari boshqa davlat orqali turistik viza bilan kelib, keyin shunday kollej va kurslarga kirganmiz deyishdi.

Ish
Ushbu talaba yoshlarimiz o’qishdan tashqari yetkazib berish, qurilish, hamda bugalteriya ishlarini qilishar ekan. Oyliklari soatiga 13-20 $ atrofida. Lekin hunar va mutaxassislikka qarab boshqa sohalarda ham ishlash mumkin. Yoshlari kattaroq ancha oldin kelganlarni turli sohalarda nafaqat birov uchun balki o’zlari ham biznes ochib ishlayotganlarini ko’rdim.

Narxlar
Narxlar ancha baland. Ko’chada taomlanish 10-15 $ atrofida. Yirik to’lovlar (kvartira, bog’cha) oylik emas haftalik hisoblanar ekan. Lekin supermarket-bozordagi oziq-ovqat narxlari men uchun normal tuyuldi.

Oziq-ovqat
Avstraliyaning menga eng manzur bo’lgan tomoni mamlakat qishloq-xo’jaligiga ixtisoslashgani uchun meva, sabzavot, go’sht mahsulotlaridan muammo yo’q ekan. Deyarli barchasi o’zidan chiqadi. Mazasi ham yaxshi. Yil bo’yi hamma narsa bor.

Davomi