Get Mystery Box with random crypto!

​​Nikita Makarenko Samarqandda bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan | O'zbekiston shifokorlari

​​Nikita Makarenko Samarqandda bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘talga qarshi siroplar yuzasidan JSST oktyabr oyida ogohlantirish bergani haqida yozdi

Samarqandda «Dok-1 Maks» dorisidan bolalarning ommaviy o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar berilgandi. Jurnalist Nikita Makarenko holat yuzasidan fikr bildirib, oktyabr oyida JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplardan bolalar o‘limi qayd etilganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, nega O‘zbekistonda bu jarayonga befarqlik bilan qaralgani haqida savol qoldirdi.

Samarqand viloyatida 15 nafar bola Hindistonning Quramax Medical kompaniyasining «Dok-1 Maks» siropidan foydalanib, vafot etdi.
Lekin bizning Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligimiz ham, Sog‘liqni saqlash vazirligi ham O‘zbekiston xalqini ogohlantirishni zarur deb bilmadi.

Vaholanki, 5 oktyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy bayonotida Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplardan bolalar o‘limi holatlari qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. JSST barcha mamlakatlarni bunday dorilarni tekshirishga va ulardan foydalanishni to‘xtatishga chaqirgan. Nega O‘zbekistonda sohaga mas’ullarning hech biri bu bo‘yicha bong urmadi? — deb yozgan jurnalist.

O‘z navbatida, ushbu murojaat bo‘yicha Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Chindan ham, oktyabr oyi avvalida JSST tomonidan tibbiy mahsulotlar qalbakilashtirilgani haqida 6/2022-sonli ogohlantirish e’lon qilingandi. Unda Maiden Pharmaceuticals Limited (Xaryana, Hindiston) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 4 ta preparat: Promethazine Oral Solution (prometazin, peroral ertimasi), Kofexmalin Baby Cough Syrup («Kofeksmalin» yo‘talga qarshi bolalar siropi), Makoff Baby Cough Syrup («Makoff» yo‘talga qarshi bolalar siropi) hamda Magrip N Cold Syrup («Magrip N» shamollashga qarshi siropi) haqida so‘z borgandi.
Ogohlantirish e’lon qilingan zahoti agentlik huzuridagi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUK farmakologik nazorat bo‘limi mutaxassislari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari reyestrini mazkur ishlab chiqaruvchi tomonidan chiqarilgan har qanday turdagi dori vositalari borligi jihatidan o‘rganib chiqdi. Tekshiruv preparatlar nomi emas, aynan ishlab chiqaruvchi kompaniya nomi asosida olib borildi. Chunki mazkur dori vositalarining O‘zbekistonga kirib kelgan nomi va qadog‘i ogohlantirishdagidan farq qilishi mumkin edi.

Tekshiruvlar natijasida JSST ogohlantirishida xabar qilingan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi Maiden Pharmaceuticals Limited (Xaryana, Hindiston) kompaniyasining biror mahsuloti ayni damda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagani ma’lum bo‘ldi.

Boshqacha qilib aytganda, «Effekt Makarenko» Telegram kanalida so‘z borgan JSST ogohlantirishi agentlik xodimlari tomonidan o‘z vaqtida o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rilgan, — deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, agentlik o‘z faoliyatini JSST hamda farmasevtika sohasiga aloqador bo‘lgan xalqaro tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikda olib boradi. Farmakologik nazorat bo‘limi JSST xabarlari hamda AQSH, YeI, Buyuk Britaniya, Avstraliya va YeOII davlatlari tartibga soluvchi organlari saytlarini muntazam ravishda o‘rganib boradi. Xususan, JSSTning har bir tavsiyasiga o‘z vaqtida tegishli munosabat bildiriladi. Zarurat tug‘ilganda, agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi, tartibga soluvchi organlar, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar hamda iste’molchilarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi.

Shu bilan birga, agentlik tomonidan tartibga soluvchi organlar vakillari, shifokorlar, farmasevt va boshqa mutaxassislar uchun mahalliy hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan farmasevtika mahsulotlari yuzasidan seminar-trening va konsultasiyalar muntazam o‘tkazib kelinadi.

Manba: daryo.uz

Kanalimiz @Doctors_Uzbekistan