Get Mystery Box with random crypto!

​​Balki avtobusda ketib boryapsan, Balki metrodadir… Tagʻin bi | Дневник

​​Balki avtobusda ketib boryapsan,
Balki metrodadir…
Tagʻin bilmadim.
Topganing dard boʻldi,
Dardlaring safsan,
Qoʻngʻiroq ham qilmadim.

Toshkent koʻchalarin erkalar yomgʻir,
Restoran.
Jaz tinglab, oʻqiyman kitob.
Balki ayni chogʻda ahvoling ogʻir
Yotgandirsan ijara uyingda betob.

Balki orzuyingdek
Balzak yashagan
Shaharlarda kezib yuribsan tanho.
Balki hamrohingdir hazon toʻshalgan
Oʻrdadagi biz sevgan anhor.

Esingdami?
Motsartni sevardim,
…bilganing Shopen.
Asabim buzishga ustayding.
Shahar aylanardik
Doʻkonlar “open”.

Baxtli boʻlishimizni istarding.
Sersavol qiz eding sersavol,
– Nega koʻp chekasiz?
– Qoshingiz qalin…
Hammasi tugagan,
Hammasi zavol…
U kunlar qaytmaydi ming yolvor, yalin.

Toshkent – katta shahar,
Bardoshday katta,
Baxtingni topasan…
Azizam… Tushun.
Kechir, oʻsha oqshom
Sen yomgʻirdan qochib kelgan bekatda
Avtobus kutib turganim uchun.

Jontemir

@eski_fikr | barchasi jiddiy