Get Mystery Box with random crypto!

Og’riqli hislarni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak, lekin vahimag | Dilfuzashifo

Og’riqli hislarni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak, lekin vahimaga ham o’rin yo’q. Asosiysi — bel og’rig’ining sabablarini bilish va bu davrda nima qilish kerakligini va nima qilish mumkin emasligini tushunish.

Homiladorlikda bel og’rig’i nimaga ishora qiladi
Homiladorlik paytida bel og’rishining sababini quyida tavsiflangan belgilar orqali tushunish mumkin. Faqatgina organizmni diqqat bilan tinglash, og’riq aniq qayerda joylashganini va o’zini qanday namoyon etayotganini aniqlash lozim. Shundan kelib chiqib ko’riladigan choralar tanlanadi.
O’tkir kesuvchi og’riq
Agar og’riq sindromi bel sohasida o’tkir, kesuvchi og’riqlar shaklida namoyon bo’lsa, bu latent (yashirin) kasalliklarni yoki ichki a’zolar faoliyatidagi buzilishlarni ko’rsatishi mumkin.
Asosiy sabablar:
• O’tkir pielonefrit — bunda isitma, mushaklar kuchsizligi, siydik rangining qizarishi, o’ng yoki chap tomonda og’riqlarning kuchliroq bo’lishi kabi alomatlar namoyon bo’ladi;
• Buyrak-tosh kasalligi — xuruj paytida ham kuchli bel og’rig’iga sabab bo’ladi. Bunday holda, ko’ngil aynishi, siydikda qon izlari aniqlanishi mumkin;
• Tug’ruq muddatining yaqinlashishi — hayz ko’rishdan oldin bo’lganiga o’xshash o’tkir og’riqlar bilan tavsiflanadi;
• Bachadon choklarning ajralishi kuchli og’riqlarga olib keladi va buning oqibatida ayol hatto hushini yo’qotishi mumkin. Ushbu hodisa juda kam uchraydi va kesarcha kesish yordamida amalga oshirilgan tug’ruqdan keyin yaqin muddat ichida qayta homilador bo’lish holatlarida qayd qilinadi.
Kesuvchi og’riqlar seziladigan ko’plab boshqa patologiyalar mavjud, masalan, bachadondan tashqari homiladorlik, oshqozon-ichak trakti bilan bog’liq muammolar, gijjalar.
Bu muhim.
Har qanday o’tkir og’riq, homiladorlikning qay bosqichida kuzatilmasin, tezkor tibbiy yordamni talab qiladi.
Tortuvchi og’riqlar
Homiladorlik paytida ayollarda eng ko’p uchraydigan alomatlardan biri. U yurganda yoki harakatlanayotganda simillaydigan og’riq sifatida namoyon bo’ladi va bir yoki ikkala oyoqqa tarqalishi mumkin.
Asosan homiladorlikning oxirgi muddatlarida kuzatiladi, chunki bu davrda umurtqa pog’onasiga haddan tashqari ko’p yuk tushadi. Ammo agar ayol homiladorlikdan oldin ham umurtqa pog’onasi bilan bog’liq muammolarga duch kelgan bo’lsa, masalan bel osteoxondrozi, og’riq orqaning yuqori qismlariga ham tarqalishi mumkin.
Bunday belgilar kuzatilganda ginekolog va jarroh ko’rigidan o’tish tavsiya etiladi. Homilador ayolning ahvolini yengillashtirish uchun bel mintaqasi massaji yoki fizioterapevtik muolajalar buyuriladi.
Otuvchi og’riqlar
Agar og’riq umurtqaga o’q qadalgani kabi o’tkir bo’lsa, bu nevrologik tabiatli kasalliklar haqida gapiradi. Bunday holda, bo’lajak ona nevrolog ko’rigidan o’tishi lozim.
Xavotirga sabab quyidagilar bo’lishi mumkin:
• Asab tolalarining qisilishi;
• Umurtqaning bel sohasi churrasi;
• Ishias;
• Orqa miya kanalining torayishi;
• Radikulit;
• Osteoxondroz.
Agar beldagi otuvchi og’riqlar tananing y yoki bu tomoniga tarqaladigan bo’lsa, bu buyrak sanchig’ini (kolikasini) ko’rsatishi mumkin. Bunday holda boshqa hamrohlik qiluvchi alomatlarga e’tibor berish kerak — isitma, oyoqlarning shishishi, yuqori qon bosimi.
Sabablari
Homiladorlik paytida bel turli sabablarga ko’ra og’rishi mumkin. Ko’pincha kesuvchi va sanchuvchi og’riqlar kuzatilmasa, tashvishga hojat yo’q. Biroq, ma’lum bir og’riqqa nima sabab bo’lishi mumkinligini bilish lozim.
Homilaning salomatligi va rivojlanishiga tahdid solmaydigan umumiy fiziologik sabablarga quyidagilar kiradi.
• Orqa tomonning og’irlik markazi siljishi natijasida paydo bo’ladigan yuk;
• Ayol vaznining keskin ortishi;
• Gormonal muvozanatning buzilishi tufayli mushaklar tonusining pasayishi;
• Noto’g’ri turmush tarzi;
• Ratsionda vitamin yetishmasligi.
Bundan tashqari, og’riqlar homiladorlikning qaysi davrida kuzatilayotganligini hisobga olish kerak.
Dastlabki bosqichlarda
Agar bel og’rishi homiladorlikning dastlabki muddatlarida qayd qilinsa, bu chanoq suyagining tuzilish xususiyatlariga bog’liq bo’lishi ehtimoli yuqori.