Get Mystery Box with random crypto!

A l o m a t: -Yigʻlaysiz... Chunki juda ezilgansiz.Yuragingizg | •Bibliophile

A l o m a t: -Yigʻlaysiz... Chunki juda ezilgansiz.Yuragingizga qil sigʻmaydi...Aft-angoringizga bir qarang. Qurib - qaqshab boryapsiz. Esingizni tanibsizki , tinmay mehnat qilasiz, lekin hech biringiz ikki boʻlmaydi. Roʻzgʻor bola-chaqa tashvishi deysiz, afsuski, bu tashvishlarning cheki yoʻq. Ertalabdan kechgacha chumoliday gʻimir-gʻimir qilasiz-u, rohatini koʻrmaysiz. Kiyib olgan kiyimingizga qarang, yengil sanoat yetishtirayotgan hamma brak mahsulot siz va sizga oʻxshaganlarga nasib qiladi. Bu nima? Shu issiqda kim neylon koʻylak kiyadi?
Q oʻ ch q o r: - Magazinga kelgan ekan, arzongina deb ...
A l o m a t: -Oʻzingizga bir tashqaridan qarang, qaysi zamonda yashayapsiz, oʻzi? Kimga oʻxshaysiz ? "Paxtakorman" deb koʻkragingizga urasiz-u, koʻrpangizga paxta topolmaysiz! Oyogʻingizga ilib olgan kalishingiz qayerdan chiqqan? Yangiyoʻldanmi, Toshkentdanmi?
Q oʻ ch q o r: - Kalishmas, patinka...
A l o m a t: - Bu dunyoga kelib nima koʻrdingiz, Qoʻchqor aka? "Ikki marta Toshkentga borganman" deb maqtanasiz, odamlar "Oq dengiz-u Qora dengiz" qilib yurishibdi! "Ha endi ular boshqacha odamlar-da" deysiz. Qanaqa boshqacha? Nimasi boshqacha? Shu darajaga yetgansizki, bora-bora undaylarga havas ham qilmay qoʻygansiz! Havas qilaverib, orzu qilaverib charchagansiz, holdan toygansiz!
Q oʻ ch q o r: - Nima qipti, el qatori yashayapmiz...
A l o m a t: - Shunday deb oʻzingizni ovutasiz. Gʻurur, qadr-qimmatingiz-chi? Mundoq oʻylab koʻring, biron tirik jon siz bilan hisoblashadimi? Yoʻq, axir! Toʻy-maʼrakalarda poygakda oʻtirasiz. "Ulugʻ" larga tayyorlangan dasturxonga yaqinlasholmaysiz, iloji boricha oʻsha tomonga qaramaslikka tirishasiz. Chunki "mehnatkash" degan mansab bilan toʻrga chiqolmasligingizni yaxshi bilasiz! Shlyapa kiyib, galstuk taqqan ketmondasta ham sizni haqoratlashi, tahqirlashi mumkin! Alam qilmaydimi?
Q oʻ ch q o r: - Ha, endi, rahbar boʻlgandan keyin koyiydi-da ...
A l o m a t: - Bayram kunlari rayondagi namoyishdan bayroqcha koʻtarib oʻtganingizga xursand boʻlib yuraverasiz. Majlislarda qoʻl koʻtarish-u chapak chalishni bilasiz, boshqa baloni ham bilmaysiz! Koʻpincha majlislarda nima hal boʻlayotganini tushunmaysiz!
Q oʻ ch q o r: - Gapingiz notoʻgʻri, Alomatxon. "Hurmat taxtasi" da suratimiz turipti...
A l o m a t: - Endi bor umidingiz bolalaringizdan. Ularni oʻqitib, "kattalar odam" qilmoqchisiz. Lekin ularingizdan "katta odam" chiqmaydi. Daladan beri kelmaydigan, chalasavod bolalardan nimaniyam kutib boʻlardi? Buni bilasiz. Yana "koʻpga kelgan toʻy" deb yuraverasiz. Axir, umr oʻtib ketyapti-ku, Qoʻchqor aka!
Q oʻ ch q o r: - Birov sizga hayotidan noliyaptimi?
A l o m a t: - Hamma gap shunda-da, nolimaysiz! Koʻnikib ketgansiz. Yaralar toshga aylangan - ogʻriq sezmaydi. Dod solib baqirish-ku, qoʻlingizdan kelmas, hech qoʻysa ingrab qoʻyishga ham qodir emasmisiz? Qalbingizning unutilib ketgan, oʻzingiz ham bilmaydigan burchaklarida miltillayotgan ushoqqina norozilikdan qoʻrqasiz, uni sezmaslikka olasiz ...

"Temir xotin"