Get Mystery Box with random crypto!

Juda qo’rqoq edim bolaligimda Xatolardan qo’rqar to’g’rilarni | Odamiyat!

Juda qo’rqoq edim bolaligimda
Xatolardan qo’rqar to’g’rilarni izlab ovvora edim
Havoga yozardim istaklarimni
Titrardim
Xato bo’lsa
Darror o’chirib, puflardim havodan
xatolarimni

Yolg’on bir dunyoyim bo’lardi
Baxtli edim unda
Yo’q shkalatlarni yerdim to’yguncha
Yo’q idishlardan yo’q yemaklarni yerdim
Artardim lablarimning yo’q dog’larini
qayta va qayta
Yo’q sevgilim bo’lardi
soatlab quchardim uni
hech narsa yo’q ammo umidi bor edi bolalimning
Tangrisi bor edi
Juda qo’rqardim

Kir moshinasi kir aylantiradi
Uzoq g’irillaydi
Yo’lini yo’qotgan yo’limdek
Boshimda ming hayol
Qishloqqa borgandim tunov kun
Dunyo yuzida eskiribdi onamning
Dadamning qo’llarida burushibdi dunyo
Uyum uyum tezak bo’lib
tandirlarda yonayapti dunyo
Mening bolaligimdagi kabi dunyoga ehtiyojim bor


Taq.. Taq… Taq…
Hamsoyaning darvozasini uradi kimdir
Darichani ochadi onam:
Nazira uyda yo’q
Mo’ralayman
Chiroyli, soch patingiz bormi
so’raydi lo’li ayol
Patim yo’q sochim bor deyman jilmayib
Sochingizni bering istaganingizni beraman deydi qo’njiga boqib
Umid bormi deyman entikib
Xoxolab kuladi ayol
Darichani yopadi onam
Parishon qarayman lo’li qo’lidagi choyshablarga

Sigara yoqaman qo’llarim titrab
She’r bunday yozilmaydi deyman o’zimga
Toza havoday bo’lishi kerak she’r
To’la umid bo’lsin ichida
Xoxolab kulaman
Chiroyli so’zlarni havoga yozaman
O’chirib puflayman
Bo’ralab so’kaman dunyoni
She’rda so’kinib bo’lmaydi deyman
Kulaman

Ehtiyojim yo’q ortiq bolaligimdagi dunyoga
Ehtiyojim yo’q chiroyli so’zlar, umidli she’rlarga
Erkka ehtiyojim bor
Jasoratga ehtiyojim bor mening
Qo’tir qalbingizga tupurish jasoratiga

Juda qo’rqoq edim bolaligimda