Get Mystery Box with random crypto!

Sirdaryo viloyatida bepul dorilar yetkazib beruvchi dorixonala | Boyovut Live 🔴 Расмий Канал

Sirdaryo viloyatida bepul dorilar yetkazib beruvchi dorixonalar ikkitaga ko‘paydi

Reimbursasiya tizimi bo‘yicha hamkorlik maqsadida Boyovut tumanidagi «Baratboy Diyorbek» hamda Oqoltin tumanidagi «Dilshod» MCHJ bilan shartnoma tuzildi. Ushbu shartnomaga ko‘ra, dorixonalar arterial gipertoniya, yurak- ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 11 turdagi dori vositalarini bepul beradi. Dori vositalari uchun xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.

Ma’lumot uchun, «reimbursasiya» inglizcha so‘z bo‘lib,“ xarajatni qoplash» degan ma’noni beradi. Reimbursasiya dasturi doirasida dori vositalari olish uchun surunkali kasallik bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar o‘zlarining oilaviy shifokorlariga murojaat qiladi. Shifokor bemorni zarur tekshiruvdan o‘tkazadi, kerak bo‘lsa, uni laboratoriya-diagnostika tekshiruvlariga yuboradi. 10-Xalqaro kasalliklar tasnifiga ko‘ra, aniq tashhis qo‘yilgach, elektron ambulator kartaga ma’lumotlar kiritiladi va elektron reseptni shakllantiradi. O‘sha zahoti bemorning mobil telefoniga SMS keladi. Zaruriyat tug‘ilganda (bemorning talabiga ko‘ra) shifokor elektron reseptni bemorga qog‘oz shaklida taqdim etishi mumkin.

Shifokordan elektron reseptni olgan bemor DTSJsi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga dori vositasini olish uchun murojaat qiladi.

Reimbursasiyada ishtirok etayotgan dorixona bemorga dori vositasini elektron resept asosida bepul beradi. Shartnoma shartlariga ko‘ra dorixonalar ro‘yxatga kiritilgan dori vositalarining uzluksiz ta’minotini hamda joriy yil yakuniga qadar ushbu dori vositalari narxi o‘zgarmasligini ta’minlashi lozim.

Reimbursasiya hukumatimiz tomonidan qo‘yilayotgan shaffoflik va adolatlilik tamoiylariga juda mos bo‘lib, jarayonlar elektron tarzda amalga oshiriladi. DTSJ, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va dorixona rahbarlari bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, reimbursasiya hozirda Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov jarayonida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Olingan natijalarga ko‘ra bu tizimni kelgusida yurtimizning boshqa hududlariga ham joriy etish mo‘ljallangan.

Ahmadali SHERNAZAROV, «Xalq so‘zi»

Boyovutliklar qoʻshiling va tezroq ulashing.
@Boyovut_live