Get Mystery Box with random crypto!

Tarjimonlik, gonorar va nashriyot Kecha bir tarjimon ukamiz a | Bookerberg

Tarjimonlik, gonorar va nashriyot

Kecha bir tarjimon ukamiz anchadan beri nashriyotdan gonorarini ololmayotgani haqida yozibdi.

Orangizda bu ukamizni taniydiganlar bor, uning ismi Abu Bakr, u tarjima qilgan kitob ("Venetsiya missiyasi") yaqinda nashrdan chiqdi. Bungacha va undan keyin ham ancha vaqt davomida gonorarini ololmayotganini aytib, mendan maslahat so'rardi. Tarjimani qachon topshirgansiz deb so'radim, yanvarda topshirgan ekan, lekin gonorarni nashrdan chiqqandan keyin to'lab beramiz deyishgan ekan. Mayli degan. Nashrgacha ham ancha kutgan, kitob chiqqach ham puldan darak yo'q. Har oy "keyingi oy to'lab beramiz" degan javob oladi. Gonorari ham u darajalik katta summa emas ekan. Har na, men eshitgan tarjimonlar oladigan haqdan ancha pastroq.

"Aka, nima qilsam bo'ladi, hech pulimni ololmayapman, post yozsam qo'llab-quvvatlaysizmi?".

Men: "Yozing. Faqat yana bir imkon berib ko'ring. Bitta sanani aytishsin. To'lab berishmasa, ko'ramiz".

Xo'sh, Abu Bakrning sabr kosasi tugagani ko'rinib turibdi. Sizlarga aytsam, bu masala nafaqat uni, meni, balki boshqa tarjimonlarni va kitobxonlarni ham havotirga solishi kerak. Chunki shunday hol yuz beraversa, hech kim kitob tarjima qilmay qo'yadi. Men bu nashriyot bilan bir kitobning tarjimasi borasida og'zaki kelishuvga erishganman. Bu gaplarni eshitgan istalgan tarjimon ular bilan ishlash borasida o'ylanib qoladi. Hech kim tekinga ishlagisi kelmaydi. Zor-a, tarjimonlik oson ish bo'lsa ekan... TED videolarini tekinga tarjima qilar edim, buning uchun menga hech kim hech narsa bermas edi, lekin men uchun bu yarim kunlik yoki bir necha soatlik ish edi. Ya'ni, "jalko" emas. Lekin kitobni bir-ikki kun yoki hafta ichida tarjima qila olmaysiz. Balki kimdir bir haftada tarjima qilar, shunday qilayotganlar ham bor. Lekin shunday tarjimalar hisobiga kitob bozorimiz "ahlatxona"ga aylanib borayapti. Yaxshi haq to'lanmasa, yalintirib yurishsa, nima qiladi o'zini qiynab?))

Bir safar Ilhom Salimov bilan suhbatlashganimizda u ham bu nashriyotning anchadan beri gonorarni bermayotganini, agar ular bilan ishlasam maqsad (yaxshi) gonorar olish bo'lishi kerak emasligini aytgan edi. Chunki uning o'zi ham "Kitoblar qanday o'qiladi?" kitobi ustida mehnat qilgan (o'rtog'i tarjima qilgan, o'zi muharrirlik qilgan).

Abu Bakrning aytishicha, u bir emas, uchta kitob tarjimasi uchun o'z haqini ololmayapti. Hech bo'lmasa, bittasi uchun ham gonorar to'lab berilmagan. Hayrat! O'zi oxirgi payt bunga o'xshash holatlarni ko'p eshitayapmiz.

Biroq men o'zim hamkorlik qilgan nashriyotdan (Zukko Kitobxon) ko'nglim to'q, kitob chiqqandan keyin to'lab beramiz deyishmadi. Pul zarurligini aytgan edim, to'liq gonorar bir oy ichida to'lab berildi. Demak, tarjimonni rozi qilishga intiladigan nashriyotlar ham bor.

Abu Bakr bilan ishlagan nashriyotga kelsak, Yangi asr avlodi nashriyoti ko'pchilikning hurmatini qozongan, ancha yillik tajribaga ega nashriyot. U yerda ishlaydigan yoshlarning barchasi bizning do'stlarimiz. Tadbirlarida doimiy tarzda qatnashamiz. Shuning uchun, biz bu nashriyotga do'stmiz, dushman emas. Bizda kitob sohasi shundoq ham botib yotgan bir paytda hamjihatlikda ishlamasak bo'lmaydi, hammamiz bir-birimizni rozi qilishimiz kerak. Eng birinchi navbatda tarjimonni rozi qilish kerak.

Ushbu nashriyot tomonidan so'nggi paytlarda nashr qilinayotgan kitoblarning sifati haqidagi fikrlar ham haqiqat. Holisona fikr bildiradigan bo'lsak, bir paytlar bu nashriyot o'zbek nashriyotlari "trendsetter"laridan biri bo'lgan. Hozirgacha shunday qaraladi. Chunki ular bunday obro'ga yillar davomida ega bo'lishgan. Lekin tan olish kerak oxirgi paytlarda kitoblarda imlo xatolar, kitoblar tarjimasidagi kamchiliklargacha kuzatilmoqda. Eshitishimcha, oldin bu nashriyotga ancha mehnati singgan muharrir opa bu yerda faoliyat ko'rsatmayaptilar. Balki shu ta'sir qilgandir.

Ishga vaqtida jiddiy qarab, yondashuvni o'zgartirish lozim degan fikrlarga qo'shilaman. Zero, shuncha yillar davomida yig'ilgan obro'-e'tiborni bir pul bo'lishini biz ham xohlamaymiz.

@Bookerberg