Get Mystery Box with random crypto!

Burjua dunyosining asl basharasini o'z ko'zi bilan ko'rib, und | Bookitob

Burjua dunyosining asl basharasini o'z ko'zi bilan ko'rib, undan jirkana boshlagan va bu olamni ularga qoldirib, chin va sinflarga bo'linmaydigan dunyo (yo'qlik) izlab ketgan og'am Martin Idenga xat...

Sendek olijanob va mard, chirkin va jirkanch insonlarga to'la hayotda yashashdan or qilgan inson bilan bir necha kunga (va umrbod) do'st tutinganimdan juda ham baxtiyorman. To'g'ri, sen umringni bir paytlar sen bilan salomlashishga nomus qilgan odamlarning iltimos qilib chaqirgan ziyofatlarida o'tkazib vaqtichog' o'tkazsang bo'lardi. Lekin sening ichingda o'lmagan insoniylik degan tushuncha bunga yo'l qo'ymadi. To'g'ri, sen qolgan umringni ikkiyuzlamachi va manfur yuqori sinf vakillarining asl basharasini ochish bilan o'tkazsang bo'lardi. Lekin ular shu qadar ko'p edi-ki, birining boshini kessang, o'rnidan uchtasi o'sib chiqardi.

Oxirgi yigirma besh kunimni o'z iztiroblarim qolib, sen chekkan zahmatlarga achinib o'tkazdim. Uch yuz oltmish bet qo'ling pul ko'rishini, hisobingda yuz minglab dollar qalashib yotishini sendan-da ko'proq istadim. Ruf seni tushunmasdan, boshqa ish qilishga majburlaganda, hayolan sening tarafingni oldim. O'z qarindoshlaring sendan yuz o'girganida, ularning basharasiga tupurdim. Noshirlar asarlaringni rad etganida bu asarlar hali jahon durdonalari safidan o'rin olishi to'g'risida behuda va'z o'qidim. O'ttiz olti soatlab tuz ham totmay yurganingda hozirgi zamon noz-ne'matlaridan senga atab dasturxon yozdim... Lekin hayoliy olam bilan chin olam o'rtasida bog'liqlik mavjud bo'lmagani bois sen meni ko'ra olmading... Yaxshiyamki, Mariya, Brissenden kabi yaxshi insonlar bor ekan. Ular men qilmoqchi bo'lgan ishlarni amalga oshirdi. Shunaqa yaxshi insonlar borligi sabab ham yer o'z o'qidan chiqib ketmayapti...

Nihoyat qo'lingga katta pul kela boshlashi bilan biram quvondim, biram quvondim-ki. Endi senda bir paytlar seni mensimagan, sening kelajagingga ishonmagan odamlarga tepadan nazar tashlab, ularni istagancha ezg'ilab tashlash imkoni paydo bo'lgandi. Higginbotam kabi bir paytlar ustingdan ig'vo xati yozgan kimsalarning basharasiga bir necha ming dollarni otib yuborganingda, bir paytlar sendan yuz o'girib, biroq puling ko'payib, shuhrating ortgani ortidan "Sigaret cheksangiz ham, so'kinsangiz ham sevaveraman" deb surbetlarcha yolg'on gapirgan Rufga ko'chani ko'rsatib qo'yganingda sendan ko'p lazzat oldim.

Nihoyat, bu ikkiyuzlamachilik va riyokorlik haddan oshib ketgan dunyoda senga joy yoqligini anglab yetib, tanangni cheksiz ummonga, ruhingni farishtalarga topshirish qaroringdan ham xafa bo'lmadim. Zero, bu chirkinlik va manfaatparastlik in qurgan burjuaziya olamida sendek asl kishilar butun umr azoblanishga mahkum. Undan ko'ra chin va sinflarga bo'linmaydigan dunyo (yo'qlik)ga ketganing ma'qulroq. Qachondir sen bilan ko'rishganimda, seni mahkam quchib, bu dunyodan asl inson sifatida ketganing uchun rahmat aytaman. Hozircha esa sening o'rningga hozirgi zamonaviy burjua dunyosining ikkiyuzlamachiligidan nafratlanib yashayveraman. Oxirgi yigirma besh kun uchun senga rahmat, Martin. Ko'rishguncha...

saroyminds
@Book1tob