Get Mystery Box with random crypto!

⁠Alisher va Gripp (virusi) suhbati Alisher o‘z xonasi devorid | BOLA PARVARISHI

⁠Alisher va Gripp (virusi) suhbati

Alisher o‘z xonasi devorida o‘rmalab yurgan g‘aroyib maxluqchani ko‘rib qoldi. Yaqinlashib qarasa, gripp ekan. Chaqqon bola emasmi, oshxonadan tezda shisha idish olib kelib, grippni qamab qo‘ydi.
– Ushlab oldimmi?! Ana endi, singlim Nargizani kasal qilganing uchun ta’ziringni beraman!
– U men emas, boshqa gripp edi. Men yaqinda ish boshladim, hali ko‘p narsani bilmayman, – dedi qo‘rqib ketgan maxluqcha.
– Unda bu yerda nima qilyapsan? – so‘radi Alisher qovog‘ini uyib.
– Haligi... Seni kasal qilgani keluvdim, – dedi gripp uyalib.
– Hali shunaqami?! – Alisherning jahli chiqib ketdi.
U idishga qaynoq suv quyib grippni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi.
– To‘xta, meni jazolama. Balki, kelisharmiz?.. – ko‘zlari yoshlanib iltimos qildi u.
– Kelishamiz, gripp bilan-a?!
– Nima qipti? Meni qo‘yib yuborsang, kasallikdan saqlanishning hech kim bilmaydigan sirlarini aytib beraman.
– Mayli, roziman, lekin shunda ham boshqalarni kasal qilmaslik sharti bilan, – dedi Alisher.
– Unda, eshit. Biz, asosan, havo orqali yuqamiz. Gripp bo‘lmaslik uchun quyidagi maslahatlarimga amal qil.
Maktabda va avtobusda, albatta, dokali niqob taqib yur. Chunki bunday joylarda biz judayam ko‘p bo‘lamiz.
Qo‘ling bilan burning va og‘zingni ko‘pam ushlayverma. Biz ko‘proq bolalarning qo‘llariga yopishib olamiz. Shu uchun ham qo‘lingni tez-tez sovunlab yuv.
Kasal bo‘lib qolgan o‘rtoqlaring bilan masofa saqla. Chunki ular aksa urganda menga o‘xshagan grippchalar senga ham yopishib oladi.
Xonangni tez-tez shamollatib tur. O‘shanda devor va buyumlarga joylashib olgan viruslar uzoqlarga uchib ketadi.
Vaqtida ovqatlanib, vaqtida uxlashni unutma. Charchagan va qorni och bolalarni biz osongina kasal qilib qo‘yamiz.
– Agarda shu qoidalarga amal qilsang, hech qachon gripp bo‘lmaysan!
– Tushunarli. Albatta, bularga amal qilaman. Sen-chi, endi nima qilasan? – so‘radi Alisher.
– Ishdan bo‘shayman. Bolalarni kasal qilish o‘zimga ham yoqmaydi. Keyin esa sayohatga chiqaman. Kichkinaligimdan asalariga o‘xshab guldan gulga qo‘nib yurishni orzu qilardim. Sen esa, hech qachon kasal bo‘lma! Xayr, do‘stim.
Alisher bilan xayrlashgan gripp oyna orqali tashqariga chiqib, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.

Qadrli onalar! Ushbu hikoyani bolalaringizga o‘qib bering! Va ularni grippdan asrang!

Kanalga ulanish @Bolajon_parvarishi