Get Mystery Box with random crypto!

Oxirgi kunlarda turkcha ko'nglimni aynita boshladi. Iloji bori | Bobil kutubxonasi

Oxirgi kunlarda turkcha ko'nglimni aynita boshladi. Iloji boricha kamgap bo'lishga intilyapman. 14-sentyabrdagi inglizcha imtihonim sabab bu tilga qattiq tayyorlanyapman, lekin u ham siyqalashgandek. Avvalgidek o'ziga tortmayapti.
O'zbekchada hech narsani o'ylamay, tarjima qilmay gapirishni sog'indim. Shu bois kecha Chip va Deyl, Quvnoq do'mboqchalar va Skruk Makdak multfilmlarini qayta ko'rib chiqdim. Uy tozalayotganimda ham Sevginator filmi ochiq turdi. O'zbekchani eshitib jonim kirdi.
Umuman, til sog'inchi boshqacha. Ko'pchilik o'zbeklar Turkiyaga kelgach, turkchani suv qilib ichib yuborishadi, ular uchun turkcha cho't bo'lmay qoladi. Lekin, men muntazam ravishda o'zbekchaga tarjima qilganim va unda nimalardir yozganim sabab o'zbekchaning ruhidan uzil- kesil chiqib ketolmadim. Ruhim ikki til orasida qoldi va ba'zan bu arosat falajlikka aylanadi. Qaysi tilda gapirayotganimni tushunmay qolaman ba'zan. Turkcha? Inglizcha? Ba'zan umuman o'zbekcha gapirmagan, yozmagan, o'qimagan kunlarim bo'ladi va tun tushgach, ichimda og'zimga qadar oqib kelayotgan yolg'izlikning qorong'u suvlarini his qilaman. U suvlarning hidini taniyman, u suvlarning qorong'u oqimlari ichida ko'p adashdim, ko'p cho'kdim. Hali yana ichida ismimni unutmasam bo'lgani.

Mirzohid

@bobil_kutubxonasi