Get Mystery Box with random crypto!

— Bu ovqatni yemayman! — dedi qizaloq. — Yegin, mezbonga ayb b | Shokir Tursun qarashlari

— Bu ovqatni yemayman! — dedi qizaloq.
— Yegin, mezbonga ayb boʻladi! — dedi onasi.
— Аmmam meni oʻpishini xohlamayman! — dedi qizaloq bir kuni.
— Аmmang notoʻgʻri tushunadi, oʻptir! — dedi yana onasi.
— Dadam olgan sochtoʻqnogʻichni yoqtirmadim, — dedi qizaloq yana bir kuni. Ona shivirladi:
— Dadang xafa boʻladilar, hoziroq sochingga taq uni!..

Oradan yillar oʻtdi, qizaloq ulgʻaydi. Rafiqa, ona, xola, amma, kelin, qaynegachi boʻldi. Hayotda bir qancha rol sohibi boʻldi, lekin BAXTLI BOʻLOLMАDI. Chunki har doim kimgadir ayb boʻlmasin, deya yoqtirmaganini “yoqtirmadim”, sevmaganini “sevmadim”, ranjiganida “ozorlandim”, gʻazablanganida “jahlim chiqdi” deyolmadi. Qachonki, ogʻiz juftlab bularni aytishga chogʻlansa, bolaligidagi pichirlab uqtirilgan tanbehlar esiga tushdi: “аyb boʻladi”, “xafa boʼladi”, “notoʻgʻri tushunadi”.


Boshqalarning oʻy va hislari, bolalarimizning tushuncha va tuygʻularidan qiymatli emas. Bolamizga ayb boʻlgunicha, boshqasiga boʻlsin. Birovga ayb boʻladi, deya bu zalvorni farzandimiz bir umr ortmoqlab yuradi. Soʻng bir qarasaki, butun boshli umr boshqalarni mamnun qilish yoʻlida kelib, kechib ketibdi.

Xoʻsh, bizning mamnuniyatimiz nima boʻladi? Аvvalo oʻzimiz uchun yashaylik. Biz bu dunyoga boshqalarni xursand qilish uchun kelmaganmiz. Boshqalar xohlaganidek odam boʻlishga, birovlarning didiga, kayfiyatiga koʻra yashashga majbur emasmiz. Yaratiqlarga yarash uchun yaratilmaganmiz!..

Facebookdan olindi.

@birgap