Get Mystery Box with random crypto!

'Oltin zaxirasi - shunchaki illyuziya, xolos' 'Money Heist' s | Behzodbek Abdurasulov

"Oltin zaxirasi - shunchaki illyuziya, xolos"

"Money Heist" serialining so'nggi faslida shu ma'nodagi ibora yangraydi. Ko'rmaganlar uchun spoyler: O'g'rilar Ispaniya Markaziy Bankining oltin zaxiralarini o'g'irlab ketishadi. Aholi orasida katta shov-shuv ko'tariladi. O'g'rilar qamalmaslik uchun politsiya boshlig'iga quyidagicha taklif bildirishadi: "Siz bizni qo'yvorasiz. Evaziga biz oltinni emas, o'rniga tillarang konserva bankalarini qaytaramiz. Bahonada, oltinni qaytargan bo'lib, sizning ham martabangiz oshadi. Sir o'rtamizda qoladi. Shunda hammasi iziga tushadi. Oltin o'rniga konserva banka tursa ham hech narsa bo'lmaydi, chunki oltin zaxirasi - illyuziya xolos".

Xullas, bu fikrda jon bor. Chunki oltin davlatlararo to'lovlarda qabul qilinishi mumkin bo'lgani bilan, amalda hech kim oltinda to'lov qilmaydi. Oltin zaxirasi - yiqilganda suyanchiq vazifasini bajarishi mumkin, modomiki yiqilish ehtimoli kam bo'lsa, birovning suyanchiqqa hojati tushmaydi.

Asosiysi, oltin bor, degan ISHONCH.

Oldinlari barcha pullarning zamirida oltin yotgan. 1$ banknotani xazinaga bersangiz, sizga 1$ qiymatdagi oltin berishgan.
Modomiki, istalgan paytda pulingizni oltinga almashtira olishingizga ISHONSANGIZ, pulingizni oltinga almashtirmay qo'yaverasiz - oltindan ko'ra pulni ishlatib yurish osonroq.

Hozir ham pulni pul qilib turgan narsa ham - ISHONCH. O'zbekistondagi hamma so'm-banknotalarni pul birligi sifatida ISHONGANI uchun, davlat uning himoyasida ekaniga ISHONGANI uchun so'mni xotirjam ishlatib yuribmiz. Farazan, davlat "bilganlaringni qilinglar" deb, so'mdan voz kechsa, odamlar ham unga ishonmay qo'ysa, so'm bilan xayrlashamiz. Lekin baribir odamlar o'zlari ishongan biror bir narsani pul qilib olishadi, hatto u konserva banka bo'lsa ham.

Aslida oltinni oltin qilib turgan narsa ham ishonch. Oltinni yeb bo'lmasa, kiyib bo'lmasa, biror narsaga ishlatib bo'lmasa - eng keraksiz metallardan biri. Ammo odamlar oltinni pul o'rnida ishlatish mumkin deb ishongani uchun ham uning qiymati yuqori.

@Behzodbek_Abdurasulov