Get Mystery Box with random crypto!

MAVLONO XO‘ROZ    Xo‘roz har kuni tongda qichqirib odamlarni | Behruz's blog

MAVLONO XO‘ROZ

   Xo‘roz har kuni tongda qichqirib odamlarni uyg‘otar edi. Uning egasi unga: "Sen bizni bezovta qilayapsan. Yana tongda qichqirib bizni bezovta qilsang patingni bitta qolmasdan yulib olaman", dedi.
  Xo‘roz qo‘rqdi. O‘ziga o‘zi: "Zarurat man qilingan narsalarni muboh qiladi-ku! Jonimni saqlash uchun qichqirmasligim shar’iy siyosatdir. Mendan boshqa xo‘roz bordir qichqiradigan", deya  qichqirishdan to‘xtadi.
  Shu kundan e’tiboran uning ovozini hech kim eshitmadi.
  Bir haftadan so‘ng egasi kelib: "Sening borligingdan nima foyda? Hech bo‘lmasa tovuqlarga o‘xshab "qo-qoq"laysan endi. Bo‘lmasa patingni bitta qolmay yulib olaman", dedi.
  Xo‘roz endi qo‘rqqanidan tovuqlarga o‘xshab "qo-qoq" lay boshladi.
  Bir oydan so‘ng xo‘rozning egasi kelib xo‘rozga: "Har kuni bitta tuxum tug‘masang seni so‘yib yeyman", dedi.
  Shunda xo‘roz:
"Koshki o‘sha paytda qichqirib o‘lib ketganimda edi!", dedi.
   
    Yon berish birgina qadamdan boshlanadi. So‘ngra qaytishning iloji bo‘lmaydi. Chunki siz oyog‘ingizni tuproqqa tiqib tog‘dek turib berish o‘rnida boshingizni egdingiz. Mas’uliyatingiz kattalashgani sari sobit turishingiz ham vojib bo‘lib, sabotingiz farz bo‘lib boraveradi. Oddiy avomdan qabul qilinadigan narsa olimdan, adibdan, mutafakkirdan qabul qilinmaydi. Chunki ular peshvo va o‘rnak bo‘ladilar. Insonlar ularga ehtirom bilan nazar solishadi. Tuyaning yiqilishi bilan echkining yiqilishi bir xil bo‘lmaydi.
   Olimlar kengchilikda bir xil bo‘ladi. Ularni bir-biridan faqatgina yodlagan narsasi, istinboti va ijtihodiga qarab ajratsa bo‘ladi. Ammo qiyinchilik kelsa ular bir-biridan farqlanadi.
   Xalifa Ma’mun imom Ahmad rohimahullohdan “sayramasligini” so‘radi. Ya’ni, qur’onni moʻtazila firqasi kabi maxluq deyishini talab qildi.  Sayramaslikning har asrda o‘z yuzi, o‘z surati bor. Ammo imom Ahmad rohimahulloh hozir sayrashni to‘xtatsa keyingi bosqich tovuq kabi qoqolash ekanligini anglagan edi. Ehtimol Ma’mun bu bilan qanoatlanmay tuxum tug‘ishni ham talab qilishi mumkin edi. Imom Ahmad rohimahulloh faqatgina o‘zini namoyon qilmasligini bilar edi. Dinning komilligi, butun ummatning aqidasi taqdiri o‘zining gardanida ekanligini his qilar edi. Bunaqangi vaziyatda haqiqiy olim dindagi ruxsatni olmaydi, taqiyyadan foydalanmaydi. Imom Ahmad rohimahulloh Ma’mun nima qilsa qilsin, baland ovozda sayrashga qaror qildi. Imomni Bag‘doddagi ommaviy maydonga sudrab olib borib darralashdi. Imom sayrashdan to‘xtamadi. Hatto uning bu kundagi sobit turishini kishilar Abu Bakr roziyollohu anhuning murtadlik kunida sobit turganiga qiyos qilishdi.
   Ob-havo yaxshi bo‘lsa kishilar paltoga ehtiyoj sezishmaydi. Ammo sovuq va bo‘ron boshlanishi bilan paltolariga yugurishadi. Olimlar kishilarning paltosi. Ular kishilarni o‘rashlari, qaltirab titrashiga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
   Aziz olimlar! Biz tahorat, namoz, hayz va nifos ilmlarini bilamiz. Garchi fiqh eng buyuk ilmlardan bo‘lsada, biz sizlardan bularni xohlamaymiz. Biz sizlar bilan himoyalanishni istaymiz. Sizlar o‘zingizni qutqarish uchun sayrashdan to‘xtab ishni boshqa xo‘rozga topshirsangiz biz titray boshlaymiz.
   Aziz fozillar! Beshikdan toki dorga osilgunicha Italiya bosqinchilariga qarshi kurashgan Umar Muxtor rohimahulloh ulamolarga shunday deydi:
   “Ish qanchalar jiddiy bo‘lmasin, egilmang. Aks holda boshingizni yana qayta ko‘tarish imkoni bo‘lmasligi mumkin!”.

- Abdulqodir Polvonov
https://t.me/Behruzsblog