Get Mystery Box with random crypto!

YOSH ONALAR FOYDALI 10 MASLAHAT Kichkintoyingizni parvarish | Bebbo

YOSH ONALAR FOYDALI 10 MASLAHAT

Kichkintoyingizni parvarish qilar ekansiz, har doim o‘z-o‘zingizga savol berasiz: men hammasini risoladagidek bajaryapmanmi? Kichkintoy esa kundan-kun yangi qiliqlar chiqarib, sizni bu haqda takror-takror o‘ylashga, ikkilanishga majbur qiladi. Shunday paytlarda, o‘z vaqtida berilgan maslahat oltinga teng bo‘ladi! Quyida oliy toifali pediatr shifokor Hamroyeva Marziya Ashurovna har bir yosh ona bilishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tiborni qaratadi.

1. Kichkintoyni bolalar kosmetikasiga «ko‘mib tashlamang!»

«Mehribon» onalar kun davomida bolalari terisiga nimalarni surishmaydi-ya! Bolalar uchun krem, yog‘, upa, antibakterial xususiyatlarga ega sovunlar, maxsus suyuqliklar shimdirilgan salfetkalar… Agar bola 3 oylik bo‘lgan bo‘lsa, unda bo‘g‘imlar «pishishi» va diatez (teri yallig‘lanishi) kuzatilmaydi. Bolakay uchun maxsus kosmetikaning hojati yo‘q, kundalik cho‘miltirish va havo vannalarining o‘zi yetarli. Har qanday holatda ham bola terisiga me’yordan ortiq yog‘ yoki krem surmang, ular me’yorda surilgach, bolani tagliklarga o‘rab-chirmab tashlamang, yog‘ yoki krem ma’lum muddat ichida teriga so‘rilishi lozim. Aks holda, so‘rilmagan massa taglik teshikchalarini to‘sib qo‘yadi va uning namlikni tutish xususiyatiga putur yetadi, teri muammolari ham kuchayadi.

2. Bolani aravacha bilan birga zinadan olib tushmang!

Bu siz uchun xavfli bo‘libgina qolmay, bola uchun ham katta xavf tug‘dirishi mumkin. Ko‘p qavatli uylarda lift yo‘qmi yoki vaqtincha ishlamayaptimi? Unda kichkintoy bir muddat uyda qolgani ma’qul. Faqat, uni shunday «joylashtirib» qo‘yingki, u yiqilish yoki polda umbaloq oshishga imkon topolmasin. Aravachani bir qo‘lda, qiyshaytirib tutmang, ikki qo‘lda oldinga qarab haydaganingiz ma’qul. Bunda vazn muvozanatda bo‘lishiga e’tibor bering. Shundagina kichkintoy xavfsiz bo‘ladi, siz ham bel og‘rig‘idan shikoyat qilmaysiz.

3. Terlashiga yo‘l qo‘ymang!

Bola yig‘laganda, injiqlik qilganida, qo‘rqqanida yoki o‘ta xursand bo‘lganida, ter munchoqlariga ko‘miladi. Sog‘lom, emizikli bola esa issiq sharoitda ham deyarli terlamaydi, undan sutning yoqimli hidi kelib turadi. Ilk yoshlarida uning ter bezlari yaxshi shakllanmagan bo‘ladi va to‘liq ish faoliyatida bo‘lmaydi. Agar siz uni ob-havoga mos kiyintirgan bo‘lsangiz, issiqlashi ehtimoldan yiroq, lekin uning ko‘ylakchalari ho‘l bo‘lsa, pediatrga murojaat qilganingiz ma’qul. Bu asabning ter ajratish muvozanati buzilganidan darak beruvchi raxit kasalligi belgisi bo‘lishi mumkin.

4. Bolalar xonasidagi tungi chiroqni o‘chiring!

Ko‘pincha, onalar bolalar xonasida tungi chiroq yoki qandilga mahkamlangan maxsus moviy rangli chiroq yoqib qo‘yishadi. Bu bolalarni tinchlantiradi va bolaning ko‘zlariga uyqu kelishiga yordam beradi, deb hisoblanadi. Biroq, doimiy notabiiy nur bola organizmida bioritmlarni nazorat qiluvchi va tetiklikni saqlovchi melatonin gormoni faoliyatini susaytiradi. Natijada, biologik soatlar davomiyligi buzilib, bola o‘zini yomon his qila boshlaydi, kunduzi injiqlanadi, tunda yaxshi uxlolmaydi.

5. Bolaga ichiradigan suvga shakar qo‘shmang!

Birinchidan, siz maqsadga yetolmaysiz: shirin suyuqliklar chanqoqni yaxshi qondirmaydi. Ikkinchidan, bolani ilk yoshidanoq shirin ta’mga o‘rgatib qo‘yasiz, u oddiy suvni ichishdan qattiq bosh tortadi. Uchinchidan, uning shakarni parchalovchi oshqozon osti beziga bosim tushib, diabetga moyillik ko‘rsatkichini oshirasiz.

https://t.me/bebbo202