Get Mystery Box with random crypto!

Boshga uradigan narsa 2 yoshli o’g’limning boshiga daraxtdan | Aziz Rahimov

Boshga uradigan narsa

2 yoshli o’g’limning boshiga daraxtdan o’rik tushdi. Endi daraxt nima deb so’rasam “Boshga uradigan narsa” deb javob beryapti)

Soya, meva berishi, ko’chani chiroyli qilib turishini aytmayapti. Yagona tajribasiga suyanib daraxtni ta’riflayapti.

Biz kattalar ham atrofni ta’riflashda uzoqqa bormaymiz. Bitta ko’rgan misolimizni extrapolatsiya qilib (yoyib) yuboramiz.

Butun umr yaxshilik ko’rgan odamimiz, bir marta qilmay qo’ysa, yomonga aylanadi.

99% ishlari to’g’ri bo’lgan domla bitta xato qilib qo’ysa, yillab eslatiladi.

Bitta boladan pand yegan qiz “yigitlarga ishonch yo’q” deb yuradi.

Bir odam haqida 2 soniyada xulosa qilamiz, yillab o’zgartirmaymiz.

O’zimizga shunday qilishsa “Kutmagandim, xafa bo’ldim, meni ham eshitib ko’rmaysanmi” deymiz.

Olinadigan dars: “Vaqtli xulosa chiqarmang, imkon bering” emas. Buni qilolmaymiz baribir.

Olinadigan xulosa: “Shunday inson bo’lingki hech kim sizdan yomonlik eslolmasin”

P.S.

Eslasa ham, qattiq adashgan bo’lsin.

@azizrakhimov_blog